Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qoraqalpog‘iston filialida bo‘ldi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ilgari ushbu markaz “eski binoda joylashgan edi, bir xonada 4−5 bemor yotar, sanitar xonalar umumiy edi”. Bino zamonaviy uskunalar uchun mos kelmay qolgandi, deyiladi xabarda.

Joriy yilning fevral oyida Nukus shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘istonda “noldan” qurilgan birinchi ko‘p tarmoqli shifoxona bo‘ldi, deya ta’kidladi matbuot xizmati.

Davlat rahbari 19-avgust kuni Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida bu yerdagi sharoitlar bilan shaxsan tanishdi.

4 qavatli yangi binoda shoshilinch qabul-diagnostika, reanimatsiya, jarrohlik, neyrojarrohlik, travmatologiya, kardiologiya, ginekologiya, pediatriya, laboratoriya tashxisi va amaliyot bo‘limlari joylashgan. Barcha bo‘limlar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.

130 o‘rinli yangi majmuada bemorlar va shifokorlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Bir xona ikki kishiga mo‘ljallangan, alohida sanitar xonalari bor, deyiladi xabarda.

Markazda bemorlarni kasallikning og‘irligiga qarab saralaydigan triaj bo‘limi ham mavjud. “Murojaat qilgan inson vaqt yo‘qotib, sarson bo‘lib yurmaydi. Bu yerga shifokorning o‘zi tushib, bemorni qaysi sohada davolash zarurligi bo‘yicha xulosa qiladi va kerakli bo‘limlarga yo‘naltiriladi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Agar bungacha murojaat qilgan bemorlarning aksariyati kasalxonaga yotqizilgan bo‘lsa, endi muayyan tibbiy muolajalardan so‘ng bemorning ahvoliga qarab, yashash joyi bo‘yicha ambulator davolanishga ruxsat etiladi.

Ilgari yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar oddiy tekshirish usullari bilan davolanar edi. Hozirda ular angiografik asbob-uskunalar orqali tekshiruvdan o‘tkazilmoqda, natijada bu “insonlar hayotini saqlab qolishda yaxshi samara berib, o‘lim va nogironlikka olib kelish holatlari keskin kamaydi”.

Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlari endilikda shu yerning o‘zida o‘tkazilmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘istonda ilk marotaba sun’iy qon aylanish apparati orqali besh nafar bemorning yuragida ochiq jarrohlik amaliyoti olib borildi.

Markaz kasalliklarni erta tashxislash uchun multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush tekshiruvi va laboratoriya uskunalari bilan ham jihozlangan.

Davlat rahbari shifoxonani samarali boshqarish, amaliyot va kadrlar tayyorlash o‘rtasidagi bog‘liqlik masalalariga e’tibor qaratdi.

“Yangi bino va uskunalar ishning bir qismi. Endi markaz faoliyatiga zamonaviy menejmentni joriy qilish kerak. Tibbiyoti rivojlangan mamlakatlardan tajribali shifokorlarni muddatli jalb etish, xorijda mutaxassislar malakasini oshirish maqsadga muvofiq. Umuman, bu markaz ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasidek faoliyat yuritishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning fikricha, tuman tibbiyot birlashmalaridagi shifokorlar o‘z ixtisosligi bo‘yicha bu yerda malaka oshirib, hududlarda joriy etishi muhim.

Ma’lum qilinishicha, Qoraqalpog‘istonda 2017−2024-yillarda “Bir qadam” tamoyili bo‘yicha 74 oilaviy vrachlik punkti, 81 oilaviy poliklinika, 92 mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan. Ixtisoslashtirilgan markazlarning hududiy filiallarida 150 turdagi yangi texnologiya joriy etilgan.

Har yili 4500 nafar bemor Toshkentga va xorijga safar qilmasdan yuqori texnologiyali yordam oladi. To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlarida qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib, har yili 11 ming bemorga shoshilinch va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.