Shavkat Mirziyoyevga Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari taqdimot qilindi, deb xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, oxirgi 7 yilda Qoraqalpog‘istonda 17,8 trln so‘mlik 6 ming 784 ta loyiha amalga oshirilgan. Ularning natijasida 56 mingta ish o‘rni yaratilgan. Shu davrda 2,8 mlrd dollarlik eksport qilingan. Bu yil respublikada umumiy qiymati 874 mln dollarlik 470 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 9,5 mlrd dollarlik 124 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan qariyb 1,8 mlrd dollarlik 10 tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.

Loyihalarga Xitoy, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Rossiya, Ispaniya kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular energetika, issiqlik ta’minoti, tog‘-kon va kimyo sanoati, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab oladi.

Masalan, Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda Nukus shahrida markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, Ispaniya investitsiyasi ishtirokida Qorao‘zak tumanida quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish, germaniyalik investorlar tomonidan Nukus tumanida misni qayta ishlash va kabellar ishlab chiqarish loyihalari rejalashtirilgan.

Mazkur 124 ta loyiha natijasida 20 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Davlat rahbari ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.