Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi hukumatning yangi rejalariga muvofiq, ayollarga nisbatan o‘taketgan nafratni ekstremizm shakli sifatida ko‘rib chiqishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda BBC News.

Ichki ishlar vaziri Ivett Kuper mamlakatning ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha amaldagi strategiyasini qayta ko‘rib chiqish va xavfli mafkuralardan kelib chiquvchi tahdidlarga qarshi qanday yaxshiroq kurashish kerakligini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Hukumatning fikricha, mafkuraviy tendensiyalardan biri sifatida ayollarga nisbatan nafrat kuchayib bormoqda. Kuperning aytishicha, Britaniya demokratiyasining asosini yemiruvchi ekstremizm kuchayishi ham internetda, ham ko‘chalarda kuzatilmoqda.

Joriy strategiyaning to‘liq tahlili oktabr oyigacha tayyor bo‘lishi kutilmoqda. U, shuningdek, yoshlarning radikallashuv sabablarini ham o‘rganadi. BBC nashrining xabar berishicha, tahlil natijalari Leyboristlar partiyasi o‘z saylovoldi dasturida va’da qilgan yangi strategiyaga asos bo‘ladi.

Mizoginiya — ayollarga nisbatan ularning jinsidan kelib chiqqan holda ko‘rsatiladigan salbiy munosabat. Bu turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin: mensimaslik va kamsitishdan tortib zo‘ravonlikkacha. Oddiy qilib aytganda, mizoginiya — ayollardan shunchaki ular ayol bo‘lgani uchun nafratlanish yoki yoqtirmaslikdir.

  • Avgust oyi boshida Britaniya shaharlarida muhojirlarga qarshi norozilik namoyishlari va tartibsizliklar sodir bo‘ldi. Bu voqealar Sautportdagi bolalar raqs studiyasiga qilingan hujum oqibatida 3 nafar qizning halok bo‘lishidan so‘ng boshlandi. Politsiya yuzdan ortiq kishini qamoqqa oldi. Mamlakat bosh vaziri Kir Starmer bu tartibsizliklarni “o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi jinoyatkorlik” deb baholadi.