Dushanbadan boshlab salqin havo respublika hududidan chekina boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Dam olish kunlarida O‘zbekiston hududiga salqin havo kirib keldi. O‘tgan haftada kuzatilgan kuchli issiqdan so‘ng respublika hududining katta qismida harorat 8−10 darajagacha pasaydi.

Hafta boshidan havo harorati asta-sekin ko‘tariladi, lekin ish haftasining oxirigacha nisbatan qulay bo‘ladi. Kunduz kunlari havo +30…+35 darajagacha, ba’zi joylarda +37 darajagacha isiydi.

Ushbu kunlarda asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida havo kam bulutli bo‘ladi. Shamol 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari +18…+21, kunduz kunlari +32…+35 daraja bo‘ladi.