Ijtimoiy tarmoqlarda huquqni muhofaza qilish organi xodimiga hujum qilingani aks etgan videolar paydo bo‘ldi. Toshkent shahri IIBB matbuot xizmati holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 19-avgust kuni soat taxminan 02:00 larda Bektemir tumanidagi bozor yaqinida patrul-post xizmati inspektori J.Rajabov noto‘g‘ri joyda to‘xtab turgan transport vositasini aniqlagan. Mashina boshqa transport vositalarining erkin harakatlanishiga xalaqit berayotgani bois inspektor Captiva egasiga qo‘ng‘iroq qilib, uni boshqa joyga qo‘yishni so‘ragan.

34 yoshli haydovchi Shavkat Abdullayev talabni bajarishdan bosh tortgan va faol qarshilik ko‘rsatib, PPX xodimiga jarohat yetkazgan.

Holat yuzasidan Bektemir tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.