Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal хŭжaliк, ekologiya va кŭкaлaмзорлaштирish masalalari бŭйичa sobiq ŭринбосaри Saidahmad Sultonov 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning jinoyat ishi 13-avgust kuni To‘raqo‘rg‘on tumani sudida ko‘rib chiqildi. “Gazeta.uz”ga mazkur ish hujjatini o‘rgandi.

Sultonov 2023-yilning 16-dekabr kuni qamoqqa olingandi.

Sud hukmiga ko‘ra, Saidahmad Sultonov viloyat hududidagi bir nechta ichki yo‘llarni qurish ishlarini bajarishga tender savdolari o‘tkazmay va loyiha-smeta hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda og‘zaki ko‘rsatmalar bergan. Bunda, xususan, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi avtomobil yo‘lini qurish va uning atrofini obodonlashtirishda 5,4 mlrd so‘m mablag‘ qo‘shib yozilgan.

“Namangan smart siti” obyektidagi yo‘l qurilishida esa 1,2 mlrd so‘m, “Yuksalish-2 Yoshlar” kichik sanoat zonasi avtomobil yo‘llarini qurish ishlarini amalga oshirishda 5,4 mlrd so‘m, “Yuksalish” kichik sanoat zonasiga olib boruvchi 1,4 km li avtomobil yo‘lini qurish ishlarida 3,2 mlrd so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.

Sultonov mazkur to‘rtta holatda yo‘l qurilish obyektlarini hech qanday tegishli hujjatlarsiz “Namangan qurilish dizayn savdo” MCHJga topshirib, o‘z vaqtida moliyalashtirilishiga yordam berib kelgan. U buning evaziga MCHJ rahbaridan jami hisobda 50 ming dollar pulni ulush sifatida olgan.

Bundan tashqari, mansabdor viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan vaqtida 2 ta to‘la qurib bitkazilmagan ko‘p qavatli turar joy binosini inspeksiya nazoratidan o‘tkazishga ko‘rsatma bergan va buning natijasida juda ko‘p miqdorda davlat manfaatlariga zarar yetkazilgan.

Saidahmad Sultonov o‘ziga Namangan viloyati hokimligi balansidagi Captiva mashinasi biriktirilgan bo‘lsa-da, 2020-yil iyul oyidan 2023-yil dekabr oyiga qadar Namangan viloyati qurilish va uy-joy kommunal boshqarmasi balansidagi Hyundai Tucson mashinasidan xizmat va shaxsiy maqsadlarda foydalangan. Bu davrda MCHJ puli hisobidan 13 359 litr benzin sarflab, davlat va jamiyat manfaatlariga 128 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.

Qolaversa, 2023-yilda u Namangan viloyatining “Navbahor” futbol klubiga homiylik qilish maqsadida “Suv ta’minoti va oqava suv obyektlarini qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” Namangan viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘iga “Stroy melio montaj” va “Nasos ta’mir” MCHJ rahbarlaridan 15 ming dollardan jami 30 ming dollar olib berish yuzasidan topshiriq bergan. U ushbu pullarni klubga kirim qilish uchun topshirmasdan, shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.

Shuningdek, Sultonov 2018—2020-yilga qadar Namangan viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab, 225 mln so‘mdan ortiq budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ham aniqlangan.

Sud hukmi bilan, u Jinoyat kodeksi 167-moddasi 3-qismining “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi 4-qismining “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 205-moddasi 2-qismining “a” bandida (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Sultonov 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan, hokimlik tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilindi.