O‘zbekiston aeroportlarida chet eldan maymunchechak kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deb xabar berdi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston bosh davlat sanitariya vrachining maymunchechak kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga doir ko‘rsatmasiga asosan mamlakat aeroportlarida qator sanitariya-targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Jumladan, fuqaro aviatsiyasi obyektlari Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bilan birgalikda 20−21-avgust kunlari aeroportlar tibbiyot xodimlari uchun maymunchechak kasalligining etiologiyasi, klinik ko‘rinishi, epidemiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish bo‘yicha seminarlar o‘tkazadi.

Shuningdek, barcha xalqaro aeroportlarida maymunchechakning oldini olishga qaratilgan sanitariya-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi, deyiladi xabarda.

Xususan, aeroport xodimlariga ushbu kasallik haqida soddalashtirilgan shaklda ma’lumot beriladi va ba’zi alomatlar vizual tarzda qanday namoyon bo‘lishi tushuntiriladi. Aeroportlarda havo harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatiladi.

Uzbekistan Airports’ning Tibbiy ta’minotni rivojlantirish departamenti JSST ma’lumotlariga tayanib ta’kidlashicha, ushbu kasallikning yangi shtammi asosan O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari bo‘lmagan Afrika mamlakatlarida tarqalmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda JSST maymunchechak epidemiyasini sog‘liqni saqlash bo‘yicha favqulodda holat deb e’lon qildi. Qaror Kongo Demokratik Respublikasida infeksiya avj olgani va kasallik qo‘shni davlatlarga ham tarqalgani fonida qabul qilindi.

Shundan so‘ng SES boshqarmasi boshlig‘i Rustamjon Ikromov O‘zbekistonga maymunchechakning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, virusologiya mutaxassislari qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan, joylarga test sistemalari tarqatilmoqda.