AQSh prezidenti Jo Bayden Demokratik partiyaning milliy qurultoyida xayrlashuv nutqi bilan chiqib, prezidentlik faoliyatini sarhisob qildi va Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatladi. Uning nutqini o‘z tarafdorlari bilan siyosiy vidolashuv deb atash mumkin, deb yozadi New York Times va SNN.

Bayden yig‘ilishga oilasi bilan keldi va sahnaga rafiqasi Jill va qizi Eshlini tanishtirganidan keyin chiqdi. U olqishlar bilan kutib olindi, jamoat esa “Biz Joni yaxshi ko‘ramiz!” va “Rahmat, Jo” deya baqirdi.

Prezidentga olqishlarni uning prezidentlik poygasidan chiqish qarori uchun minnatdorlik belgisi sifatida ham, 1972-yilda 29 yoshida Kongressga birinchi marta saylanganida boshlangan boy siyosiy karerasiga hurmat sifatida ham ko‘rish mumkin, qayd etadi BBC.

O‘z nutqida Bayden 2017-yilda Sharlottsvillda yuz bergan o‘ta o‘ng g‘alayonlardan so‘ng — “nafratning xavfsiz bandargohi yo‘qligini” ta’minlash va “Amerika umurtqa suyagini tiklash” uchun — 2020-yilda Donald Trampga qarshi nomzodini qo‘yish qarorini esladi va mamlakat boshqaruvidagi to‘rt yilligini sarhisob qildi.

“Yoz keldi, qish o‘tdi va shu avgust oqshomida men sizning oldingizda turib, demokratiya g‘alaba qozonganini, demokratiya o‘z samarasini berganini va endi demokratiyani saqlab qolish kerakligini aytmoqchiman”, — dedi Bayden AQShda uning inauguratsiyasi arafasida mavjud bo‘lgan inqirozni nazarda tutib.

Bayden Trampni ham tanqid qilib, uni omadsiz va yolg‘onchi deb atadi. “Faqat g‘alaba qozonganingizdagina mamlakatni sevishingizni ayta olmaysiz”, — dedi u sobiq prezident saylovda Baydenga yutqazganini tan olishdan bosh tortganidan so‘ng Tramp tarafdorlarining 2021-yil yanvar oyida Kapitoliyga bostirib kirishga urinishiga ishora qilib.

“Hech bir bosh qo‘mondon diktatorga Tramp [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinga ta’zim qilganidek ta’zim qilmasligi kerak. Men hech qachon bunday qilmaganman va sizga va’da beraman, Kamala Harris ham hech qachon bunday qilmaydi”, — dedi Bayden. Uning qo‘shimcha qilishicha, Tramp o‘z lavozimini tark etgan vaqtda “Amerika birinchi o‘rinda” doktrinasi tufayli “Yevropa va NATO parchalanib ketgan edi”.

O‘z nutqi davomida Bayden vitse-prezident Kamala Harrisga hurmat bajo keltirdi. “Kamalani tanlash [oxirgi saylovda] nomzodimizga aylanganimda qabul qilgan birinchi qarorim bo‘lgandi. Va bu men butun faoliyatim davomida qilgan eng yaxshi qaror… U qattiqqo‘l, tajribali va nihoyatda halol. Uning hikoyasi o‘zida eng yaxshi Amerika tarixini ifodalaydi (Harris AQSh vitse-prezidenti lavozimini egallagan birinchi qora tanli ayol va kelib chiqishi osiyolik ilk siyosatchi — tahr.),” — dedi u.

Bayden, shuningdek, Harris vitse-prezidentlikka tanlagan Tim Uolsni ham qo‘lladi.

“Biz demokratiyamizni saqlab qolishimiz kerak. 2024-yilda ovoz berishingiz kerak. Senatni (hozirda demokratlar nazorat qiladi — tahr.) saqlab qolishingiz kerak. Vakillar palatasini qaytarib olishingiz kerak. Va eng muhimi, siz Donald Trampni mag‘lub etishingiz va Kamala va Timni Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti va vitse-prezidenti etib saylashingiz kerak”, — dedi u.

Nutqi so‘ngida Bayden “Amerika madhiyasi” qo‘shig‘idan iqtibos keltirdi: “Asrlar davomidagi mehnat va ibodat bizni shu kunga yetkazdi. Bizning merosimiz nima bo‘ladi? Farzandlarimiz nima deydi? Kunlarim tugaganda yuragim bilishiga imkon bering. Amerika, Amerika, men sen uchun hammasini qildim”.

  • AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bayden 21-iyul kuni partiya a’zolarining nomzodlikdan voz kechish haqidagi chaqiriqlari fonida saylov poygasidan chiqish qarorini e’lon qilgandi. Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatdan keyin Baydenga bosim kuchaygandi. U demokratlardan nomzod sifatida Kamala Harrisni ko‘rsatishni taklif qilgan.
  • Demokratik partiyaning to‘rt kunlik qurultoyi 19-avgust kuni Chikagoda ochildi. Keyingi kunlarda partiyaning taniqli vakillari, jumladan, sobiq prezidentlar Bill Klinton va Barak Obama ham tadbirda so‘zga chiqadi. Harris payshanba kuni partiya nomzodligini rasman qabul qilishi kutilmoqda.