Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukus shahrida tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida erishilgan yutuqlar bilan o‘rtoqlashar ekan, O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatiga investorlarning ishonchi ortib borayotganini ta’kidladi.

Davlat rahbarining aytishicha, o‘zidan boshlab bosh vazir, bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman — barcha rahbarlar yil bo‘yi tadbirkor bilan doimiy muloqotda bo‘lgan.

Tadbirkorlar ko‘targan 700 dan ortiq masala, tashabbus va yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlangan, 8 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilgan. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar rivoji, tadbirkorlik infratuzilmasi uchun yana 18 trln so‘m yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, mahalladagi mikroloyihadan tortib, megaloyihagacha qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli 60 foiz yangi tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning o‘zidayoq to‘xtab qolgan.

“Hozir esa uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk bor 300 mingtaga yetdi. Yana 100 mingdan ziyod shunday yakka tartibdagi tadbirkorlar bor”, — dedi u.

Bu yilning o‘zida tadbirkorlarning tovar aylanmasi o‘tgan yilga nisbatan 25 foizga ko‘payib, 986 trillion so‘mga yetdi.

Yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘rta korxonalar 2 karra ko‘paydi. Aylanmasi 100 mlrd so‘mdan ortiq yirik korxonalar esa 2200 tadan oshdi. Bu ham o‘tgan yilga nisbatan 2 baravar ko‘p bo‘ldi. Soliq, bank, moliya, butun iqtisodiyot kompleksi “mahallabay” va “mijozbay” ishlashni boshlagani natijasida oldin zarar bilan ishlagan 16 ming korxona yarim yilda 6,5 trillion so‘m foydaga chiqdi, dedi prezident.

Bugungi kunda 100 tadan ortiq ishchisi bor korxonalar 3 mingga yaqinlashib, ulardagi ish o‘rni bir yilda 440 mingga ko‘paydi. Xususiy sektorda 5 mln so‘mdan ko‘p maosh oladigan ishchilar 1 milliondan oshdi. Shundan 370 mingi 10 mln so‘mdan ziyod oylik oladi.

“Bular tadbirkorlarimiz „soyada“ ishlashdan ko‘ra qonuniy faoliyat, sog‘lom raqobatni manfaatli deb bilayotganidan dalolat”, — dedi davlat rahbari.

Tadbirkorlik reytingida “A” va “B” — yaxshi toifaga kiruvchi korxonalar 91 mingga ko‘paydi, yana 170 ming korxona “D” — eng yomon toifadan chiqarildi. Buning hisobiga soliq tekshiruvlari o‘tgan yilga nisbatan 2 karra, jumladan, kameral tekshiruvlar 3 karra qisqardi, deyiladi xabarda.

Shu davrda yirik soliq to‘lovchilar tushumlari 10 foizga, viloyat darajasidagi korxonalarda 25 foizga, tuman tadbirkorlari to‘layotgan soliqlar 40 foizga o‘sdi.

“„Tekshirsa — qo‘rqadi, qo‘rqsa — soliq to‘laydi“, degan qarash bilan ish yurmasligini hamma, ayniqsa soliqchilar tushunib yetdi. Sodda qilib aytganda, mansabdorlar tadbirkor bilan muloqot qilishga o‘rgatilib, biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha tub burilish yasaldi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olti oyda “to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 karra o‘sib, 14 milliard dollarga yetdi”. Bu — investorlarning O‘zbekistonda biznes qilishga ishonchi ortib borayotganidan dalolat, dedi prezident.

Davlat rahbari “ushbu raqamlarning birortasi 33 yillik tariximizda bo‘lmaganini” qayd etdi.

“Hali imkoniyatlarimiz bundan karra-karra ko‘p. Eng muhimi, ularni ishga solishga qodir bo‘lgan sizdek vatanparvar va jonkuyar tadbirkorlarimiz bor. Aholimiz 38 millionga yaqinlashib boryapti, ularning daromadi ham kundan-kunga ko‘paymoqda. Qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz misli ko‘rilmagan darajaga chiqdi. Mamlakatimiz mahalliy korxonalar uchun ham, chet el kompaniyalari uchun ham katta bozorga, mintaqadagi sanoat xabiga aylanib ulgurdi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “hozirgi murakkab sharoitda barcha davlatlar o‘z yurtidagi ishlab chiqaruvchilarni himoya qilishni ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rmoqda”. O‘zbekiston ham raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bo‘yicha tadbirkorlarni yanada keng qo‘llab-quvvatlaydi, dedi u.