Shavkat Mirziyoyev 29-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan uchrashuvda tadbirkorlik faoliyati uchun to‘siqlarni kamaytirish va qonunchilikdagi kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatishga asos bo‘ladigan qonun buzilish holatlari darajasi belgilanmagan, dedi prezident. Oqibatda arzimagan kamchiliklar bilan ham tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.

Shu bois 1-noyabrga qadar aholining hayoti va sog‘lig‘iga haqiqiy xavf soluvchi mezonlar reyestri ishlab chiqiladi. Prezident reyestrda yo‘q mezon bo‘yicha tadbirkor faoliyatini to‘xtatgan mansabdor javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirdi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni jinoiy javobgarlikka tortishni yanada liberallashtirish muhimligini ta’kidladi. Masalan, 100 million so‘mdan ortiq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Prezident bu limitni 2 barobarga — 200 million so‘mga oshirishni taklif qildi.

U tadbirkorlar berilayotgan yengillik va bildirilayotgan ishonchni suiiste’mol qilmasligiga umid bildirdi.

Prezident kredit oldi-berdisida bank ham, tadbirkor ham tavakkal qilishini ta’kidladi. Lekin amaliyotda bankning huquq va vakolatlari tadbirkorga nisbatan ancha ko‘proq.

Masalan, kredit vaqtida qaytmasa, garovga qo‘yilgan mulk shartnoma tuzilgan paytdagi qiymatida sotuvga chiqariladi.

“3−4 yil oldin kredit olinganda 100 million so‘mga baholangan mulkning bugungi narxi 30−40 foiz qimmatlashsa, uni qanday qilib eski qiymatida sotish mumkin? To‘g‘ri, muammoli kredit bilan qattiq shug‘ullanish kerak, lekin bu tadbirkorni „tugatish“ hisobidan bo‘lmasligi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan garovga qo‘yilgan mulk sotuvga qo‘yilishidan avval uning joriy bozor qiymati aniqlanadigan tizim yaratiladi. Agar qarz miqdori garov qiymatining 15 foizidan kam bo‘lsa, undirish mulkka yo‘naltirilmaydi. Ya’ni bank mijoziga qarzni boshqa manba hisobidan qoplashga imkon beradi.

Davlat rahbari ko‘chmas mulk buzilishi bo‘yicha kompensatsiya to‘lashda haligacha muammolar borligini aytdi.

Hozirda ushbu xarajatlar viloyat budjeti hisobidan qoplanyapti. Lekin ayrim viloyatlar budjetida mablag‘ kam qolayotgani uchun tadbirkorning pulini qoplab berish 5−6 yilga cho‘zilib ketmoqda. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, endilikda yer savdosidan tushgan mablag‘lar avvalo buzilishlar bo‘yicha tadbirkorlardan qarzni so‘ndirishga qaratiladi.

So‘nggi ikki yilda bozorga kirishdagi 13 ta eksklyuziv huquq bekor qilingan edi. Yaqinda yana 7 tasi bekor bo‘ladi, bu orqali 1,5 mingdan ortiq tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyati yaratiladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Misol uchun, mehmonxona faoliyatini sertifikatlash bilan akkreditatsiyasi bor barcha korxonalar shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.

Hozirda Qurilish vazirligidagi “Shaffof qurilish” tizimi orqali tender savdolari uchun hujjatlarni faqat vazirlik qoshidagi konsalting markazlari tayyorlab beryapti. 1-oktabrdan xuddi Tadbirkorlik reytingi kabi “Shaffof qurilish” tizimini tadbirkorlarning o‘zi yuritadi. Konsalting markazlari funksiyalari to‘liq xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Prezident tadbirkorlar taklif bersa, davlat idoralari ko‘rsatayotgan boshqa xizmatlarni ham xususiy sektorga berishga tayyorligini bildirdi.

Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti yakuni bo‘yicha boshqa yangiliklarni quyidagi havolalar orqali o‘qing.