Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot chog‘ida biznes uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash

Birinchi yo‘nalish — kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish.

Yil boshidan Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etilib, 35 mingdan ortiq tadbirkorga 3,5 trillion so‘m mikrokreditlar ajratildi.

Bundan tashqari, “Biznesga birinchi qadam” dasturi bo‘yicha tadbirkorlikni endi boshlayotgan 115 ming aholiga 1 trillion so‘mlik mikroqarzlar berildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu tajribani yanada kengaytirishga qaror qilingan. Endilikda barcha banklar va mikromoliya tashkilotlari kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Masalan, 100 million so‘mgacha bo‘lgan mikrokredit tadbirkorlarning bor-yo‘g‘i 9 foizining ehtiyojiga yetarli ekani ma’lum bo‘ldi. Shunday qilib, mikrokreditlar miqdori 3 barobarga oshirilib, 300 million so‘mga yetkaziladi. Shu bilan birga, kreditning 100 million so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun garov talab qilinmaydi. Bu maqsadlar uchun yiliga 10 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Endilikda har bir hududda Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi filiali tashkil etilib, salohiyatli tadbirkorlarni aniqlaydi. Kompaniya yaxshi kredit tarixi va yuqori barqarorlik reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga kafolatlar beradi.

Mikromoliya

Mikromoliya bozori uchun ham yo‘l “ochiladi”. Masalan, o‘tgan yetti oyda 91 ta mikromoliya tashkiloti tomonidan 6,6 trillion so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 12 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.

Mikromoliyaviy xizmatlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi. Ularga joriy yildagi 1 trillion 600 milliard so‘mga qo‘shimcha 1 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, ustav kapitali kamida 50 milliard so‘m bo‘lgan mikromoliyaviy banklarni tashkil etishga ruxsat beriladi. Ushbu banklar kredit portfelining kamida 70 foizi kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, mikromoliya tashkilotlariga tadbirkorlarga xorijiy valyutada xizmat ko‘rsatish va litsenziya asosida to‘lov tashkiloti sifatida faoliyat ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Faktoring

Bugungi kunda ko‘p eksportchilar yirik xorijiy savdo tarmoqlariga 3−4 oy kechiktirib to‘lash sharti bilan mahsulot yetkazib bermoqda.

Uzluksiz ishlab chiqarish uchun korxonalarda aylanmaga ehtiyoj oshayapti. Lekin hamma tadbirkorda ham yangi kredit olish, unga garov topish imkoniyati yo‘q.

Ushbu maqsadlar uchun faktoring tadbirkordan garov talab qilmaydigan eng qulay vosita hisoblanadi. Xalqaro moliya korporatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda faktoring xizmatlariga talab 10 milliard dollarni tashkil etadi. Hozirda bu xizmat faqat banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan taqdim etiladi.

Endilikda alohida faktoring tashkilotini tashkil etishga ruxsat berildi, agar mijozning kontragenti O‘zbekiston norezidenti bo‘lsa, xorijiy valyutada operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi. Faktoring xizmatlari uchun elektron platforma ham yaratiladi.

Qayd etilganidek, faktoringni ommalashtirish tufayli tadbirkorlar aylanmasidan 20 trillion so‘m, eksport qiluvchi korxonalar esa 1 milliard dollar oladi.

Islomiy moliya

So‘rov davomida tadbirkorlarning 38 foizi islom moliyasiga asoslangan resurslarni olish istagini bildirgan.

O‘tgan oyda mikromoliya tashkilotlariga bunday xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Tayyorlangan yangi qonun loyihasi qabul qilinsa, banklar islomiy moliya bilan ishlashlari mumkin bo‘ladi. Bu yangi moliyaviy xizmatlar joriy etilishini, ko‘plab investorlarning kelishini va 5 milliard dollarlik qo‘shimcha resurs yaratilishini rag‘batlantiradi, dedi prezident.