Strategik islohotlar agentligi Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida joylashgan “Gulparshin” sanatoriysini qayta ishga tushirishni taklif qildi.

Qayd etilishicha, Chimboyda 1999-yilda tashkil etilgan va hozirda faoliyat yuritmayotgan “Gulparshin” sanatoriyasining binosiga yaqin hududda yer osti shifobaxsh artezian suvi mavjud bo‘lib, ushbu suv yordamida bemorlarni yod tanqisligi, oyoq bo‘g‘in, osteoxondroz, teri va tanosil hamda boshqa kasalliklar davolangan.

Sanotoriy 2004-yilgacha faoliyat yuritgan bo‘lib, 2007-yildan buyon Chimboy tumani Tibbiyot birlashmasining 3-sonli Reabilitatsiya bo‘limi sifatida qayta tashkil qilingan va mazkur binoda oxirgi marta 2009-yilda qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borilgan.

Agentlikning ta’kidlashisa, sanatoriyni qayta ta’mirlash va 75 o‘ringa mo‘ljallangan quvvatini oshirish, yer osti shifobaxsh suvidan foydalanishni qayta yo‘lga qo‘yish orqali uning salohiyatidan samarali foydalanish mumkin.

“„Yangi Gulparshin“ sanatoriysi to‘liq quvvatda ishga tushirish natijasida Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan tashrif buyuruvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyat paydo bo‘ladi. Har bir davolangan bemordan tumanga o‘rtacha 600−700 ming so‘m tushum ta’minlanadi. Natijada tumanda tibbiy xizmat sifati yaxshilanishi orqali 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, budjetga qo‘shimcha 1,3 mlrd so‘mlik manba yaratiladi”, — deyiladi agentlik xabarida.

Shuningdek, agentlik Chimboy tumani hududida 100 metr chuqurlikda astraxanit (52%), galit (22%), (6%), tenardit (5%) turidagi 400 mln tonna mineral tuzlar zaxirasi mavjud ekanini aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, mazkur zaxiradan unumli foydalanishga doir loyiha ishga tushirilganidan so‘ng yiliga 10 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, yurtimizda sulfat natriyga talab kuchli bo‘lgani sabab, 90 foizi (9 ming tonna) ichki bozorga va 10 foizi (1 ming tonna) tashqi bozorga sotilishi mumkin.

“Ushbu imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadida salohiyatli investorlarni jalb qilgan holda sulfat natriy mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi tayyorlandi. Mazkur loyihaga 10 mln dollar investitsiya kiritish natijasida 200 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, budjetga qo‘shimcha 2,6 mlrd so‘m tushumlar ta’minlanadi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Strategik islohotlar agentligi va tuman hokimligi tomonidan tayyorlangan barcha tashabbuslarni amalga oshirishga doir hujjat loyihasini ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.