Shavkat Mirziyoyev 2024-yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot nega aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilayotganiga to‘xtaldi.

“Chunki Qoraqalpog‘istonga investitsiya kiritib, biznes qilishning boshqa hududlarga nisbatan 3 ta ustunligi bor. Birinchisi — Qoraqalpog‘istonda biznes uchun birorta hududda yo‘q 50 dan ortiq imtiyozlar paketi qilib berilgan. Ikkinchisi — Qoraqalpog‘istonda yer ajratishning sodda tizimi joriy etilgan. Uchinchisi — katta bozorlarga chiqish uchun eng qulay hududimiz, bu — Qoraqalpog‘iston”, — dedi prezident.

Davlat rahbari qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarni kelgan mehmonlarga bu yerdagi sharoitlarni ko‘rsatish, loyiha qilish bo‘yicha birgalikda takliflar ishlab chiqishga chaqirdi va barchasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ochiq muloqot yakuni bilan “Qoraqalpog‘istonda biznes qiling” dasturi qabul qilinishi belgilandi.

Ma’lumot uchun, Nukusda prezidentning tadbirkorlar bilan yillik muloqotida barcha hududlardan 300 ga yaqin tadbirkor va investor, shuningdek, xorijda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan 40 dan ortiq o‘zbekistonlik ishtirok etmoqda. Muloqotga 1000 dan ortiq biznes vakillari hududiy studiyalardan qo‘shiladi.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 2021-yilning 20-avgustida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatidagi ilk uchrashuvini o‘tkazgandi. O‘sha yig‘ilishda u bunday tadbirni har yili o‘tkazish va 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgan.