O‘zbekistonda davlat banklari yirik davlat korxonalariga kredit berishni bosqichma-bosqich to‘xtatadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida ma’lum qildi.

Davlat banklari bergan kreditning 92 trln so‘mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, yirik korxonalar transformatsiya qilinmoqda, moliya bozorlariga mustaqil chiqib, o‘zi mablag‘ jalb qilishga o‘rgatilmoqda.

Masalan, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zavtosanoat” 1 mlrd dollardan ortiq yevrobond chiqargan. Navoiy kombinati ham chetdan o‘zi bond olib kelishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Prezident davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik korxonalarga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechilishini ma’lum qildi.

Bunday mablag‘larni berish ikki yil ichida kamida 40 foizga qisqaradi. Banklar buning hisobidan kamida 30 trln so‘mni xususiy biznesga yo‘naltiradi.

Avvalroq prezident ushbu yig‘ilishda O‘zbekistonda 3 yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk marta 300 mingtaga yetgani, xususiy sektorda 5 mln so‘mdan ortiq maosh oladigan ishchilar soni 1 milliondan oshganini ta’kidlagandi. Qolaversa, u O‘zbekistonda investorlarning biznes qilishga ishonchi ortib borayotganiga ishora qildi.