O‘zbekistonda 24−25-avgust kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda Mahallalar uyushmasi matbuot xizmati.

Hashar “Mahalla obod — yurt obod” shiori ostida o‘tkaziladi. Undan ko‘zlangan maqsad mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar va qabristonlar va boshqa joylarni obodonlashtirishdan iborat.

Ma’lumot uchun, ushbu sanalar mos ravishda shanba va yakshanbaga to‘g‘ri kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning bahorida hasharlar o‘tkazish bo‘yicha hukumatning muhim qarori qabul qilingan edi. U Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi katta yo‘lda obodonlashtirish ishlarini olib borayotgan o‘qituvchi Diana Yenekeyeva yuk mashinasi ostida vafot etganidan so‘ng chiqarilgan.

Qaror bilan hasharlar prezidentning tegishli qarori yoki umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risidagi hukumat qarori mavjud bo‘lgandagina o‘tkazilishi mumkin.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar tashkil etish va o‘tkazish faqat ixtiyoriylik asosida amalga oshirilishi mumkin.

Hasharlar qat’iy ravishda hashar ishtirokchilari ishlayotgan tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkaziladi.

Hasharlar doirasida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga solish bo‘yicha ishlar olib boriladi, bundan boshqa barcha turdagi jamoat ishlariga, shu jumladan qurilish, ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etish qat’iyan taqiqlanadi.

Avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlanadi.

Hujjatda inson hayotining barcha jabhalarida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va unga to‘liq barham berish bo‘yicha davlat organlariga topshiriqlar ham berilgan.