Hindiston va O‘zbekistonni Eron orqali bog‘lovchi yangi multimodal yo‘nalishda konteyner tashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” matbuot xizmati xabar qildi.

Yozilishicha, Hindistonning Mundra, Nhava Sheva va Chennay portlaridan O‘zbekistonga yangi multimodal yo‘nalishda konteyner tashuvlari muvaffaqiyatli tashkil etilgan.

bandar-abbos, eron, hindiston, multimodal transport yo‘lagi, o‘ztemiryo‘lkonteyner

Sinov tariqasida amalga oshirilgan tashuvlar Hindistondan Eronning Bandar-Abbos portiga dengiz orqali olib borilgan. Shundan so‘ng portdan Sergeli stansiyasiga qadar temiryo‘l transportida olib kelingan.

Bunda konteynerlar Bandar-Abbosdan Saraxs stansiyasiga qadar Eron platformalarida tashilsa, u yerdan Toshkentga Turkmaniston orqali “O‘zbekiston temir yo‘llari"ga qarashli platformalarga qayta yuklangan holda yetkaziladi.

20 ta 20 futlik konteynerlardan tashkil topgan yuk poyezdi umumiy temiryo‘l uzunligi 2673 km bo‘lgan masofani 20 kunda bosib o‘tdi. Kelgusida tashish muddatini 15 kunga qisqartirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil iyun oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov eronlik hamkasbi bilan uchrashuvda “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” transport multimodal koridorini rivojlantirish, shuningdek, Eronning Chobahor va Bandar-Abbos portlarida o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida terminallar va omborlar qurishga kelishib olgandi.

Uchrashuvdan bir hafta o‘tgach O‘zbekistonga Xitoyning Siyamen portidan Eronning Bandar-Abbos porti orqali tovarlar yetkazib berish boshlangan.