Qoraqalpog‘istonda yer ajratishning soddalashtirilgan tizimi joriy etiladi. Bu haqda 19-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida Kegeyli tumanida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Nukus shahrida 1 mln dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qarori asosida yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilyapti. Investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratish huquqi faqat Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan.

Kichik investitsiyalarga ham yer to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilsa, investorlar Nukus shahri, tuman markazlari va yo‘l bo‘ylarida kamida 2 ming aholini ish bilan ta’minlashi mumkin. Davlat rahbari bunday kichik va o‘rta loyihalarga yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish taklifini ma’qulladi.

Umuman, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirsa bo‘ladigan yana 9,5 mlrd dollarlik 120 ta istiqbolli loyihalar tayyorlangani ma’lum qilindi.

sentabr oyida Qoraqalpog‘istonda yirik Investitsiya forumini o‘tkazish reja qilingan. Mas’ullarga forumga puxta tayyorgarlik ko‘rish topshirig‘i berildi.

2023-yilda Qoraqalpog‘istondagi sanoat loyihalariga 100 million dollar ajratildi. Nukus shahrida sanoat ipotekasi asosida tadbirkorlarga beriladigan 35 ming kvadrat metr maydoni bor ilk loyiha ishga tushyapti. Bir oy ichida yana bir shunday obyekt foydalanishga topshiriladi.

Prezident mutasaddilarga ushbu tajribani ommalashtirib, yil yakunigacha Nukus erkin iqtisodiy zonasi hududida zamonaviy texnopark tashkil qilish topshirildi. Bunda, biznes uchun tayyor binolar qurilib, tadbirkorlarga 10 yilga lizingga beradi.

Qoraqalpog‘istonda sanoatni rivojlantirish uchun yana 100 mln dollar yo‘naltiriladi.

2021-yilda prezident farmoni bilan hokimliklarning yerni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish vakolati bekor qilingandi. Shuningdek, ularning yer uchastkalarini foydalanishga berishi, kelgusida ajratish uchun zaxiralashi, biriktirishi, obodonlashtirish uchun berishi yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilishi ham bekor bo‘lgandi.