Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida yer uchastkalarini sotib olish va ulardan samarali foydalanishga ko‘maklashish chora-tadbirlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yer bozori shakllanishi ta’sirida yangi investitsiya loyihalarida yer sotib olish xarajatlari “keskin ortib bormoqda”. Tomorqa sotib olishga katta mablag‘ sarflagan tadbirkorga qurilish, mashina va jihozlar uchun mablag‘ yetishmayapti, dedi davlat rahbari.

Endilikda tadbirkor auksiondan yer sotib olganda unga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bekor qilinadi. Toshkent shahri va viloyat markazlarida sotilgan yer bo‘yicha xarid summasini uch yilgacha, qolgan hududlarda besh yilgacha, 4 va 5-toifa tumanlar uchun esa o‘n yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Endi tadbirkorlar darhol to‘lov qilaman desa, 20 foizgacha chegirma beriladi.

Bundan tashqari, yirik loyihalarda tadbirkor yer uchastkasining qiymatini davlat ulushi sifatida ustav kapitaliga qo‘shishi mumkin bo‘ladi. U istalgan vaqtda bu ulushni qaytarib sotib olishi mumkin. Natijada joriy yilda tadbirkorlar ixtiyorida 3 trillion so‘m bo‘lishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari ko‘plab tadbirkorlar yer yo‘qligi sababli yangi loyiha boshlay olmaganini ta’kidladi. Aksincha, “auksiondan sotib oldim, endi mening mulkim” deb, yerni qarovsiz tashlab qo‘ygan “uddaburonlar” ham ko‘p, dedi u.

“Yer — eng cheklangan resursimiz va u doim iqtisodiy naf keltirishi kerak”, — dedi prezident.

Shu bois, yangi yerlarni ajratishda binolarni loyihalashdan obyektni topshirishgacha bo‘lgan muddatlar majburiy ko‘rsatiladi.

Shu bilan birga, qurilish davriga yer solig‘i bo‘yicha 50 foiz imtiyoz beriladi (viloyat markazlaridan tashqari). Qurilishga ruxsat olish muddati davlat organi aybi bilan o‘tkazib yuborilsa, qurilish vaqti shu muddatga uzaytirib beriladi. Muddatida bo‘lmasa, yer sud orqali qaytarib olinadi yoki boshqa tadbirkorga sotiladi.

Avval xabar qilinganidek, tadbirkorlarga eletr energiyasi va gazdagi limitdan ortiqcha foydalanishdagi yuqori tariflarlar summasi pasaytiriladi. Prezidentning aytishicha, endi tadbirkorlar limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham, bazaviy tarif saqlanib qoladi, oshgan qismiga to‘lov esa 20 foiz qimmatlashadi.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ham ma’lum qildi. Mikrokredit limitini 300 million so‘mgacha oshirish, mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha resurslar ajratish, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirish bozorini rivojlantirish shular jumlasidandir.