Xorazm viloyati Urganch shahrida yosh yovvoyi sher noqonuniy saqlanayotgani aniqlandi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, sherni fuqaro E.S. Ashxobod mahallasida joylashgan binoda boqib kelgan.

Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 92-moddasiga (Hayvonlar yashaydigan muhitni muhofaza qilish qoidalarini, zoologik va botanik kolleksiyalarni vujudga keltirish va ular bilan savdo qilish qoidalarini buzish, xuddi shuningdek hayvonlarni o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirish, iqlimlashtirish yoki chatishtirish) ko‘ra bayonnoma rasmiylashtirilgan. U BHMning 5 barobari — 1 million 700 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.

Yovvoyi yirtqich hayvon esa vaqtincha saqlash uchun Nukus hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Hozirda sher bolasi qanday va qayerdan olib kelinganini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.