Namangan viloyatining Chortoq tumanida noqonuniy dori savdosi bilan shug‘ullangan tez tibbiy yordam feldsheri va uning sheriklari Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari va bojxona organlari tomonidan qo‘lga oldi. Telegram’dagi Xavfsizlik kanali 30-yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir lavhalarini e’lon qildi.

Gumonlanuvchi uyidan Cobalt avtomashinasida chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, mashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 1000 dona “Zodak” dori vositasi borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, feldsher ushbu dori vositalarini sotish maqsadida Andijon viloyatiga yubormoqchi bo‘lgan.

Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlandi. Unda sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori preparatlarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, plastik qopqoq va probkalar, dori qutilari va yo‘riqnomalari protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Keltirilishicha, u dori vositalarini tayyorlash va saqlash uchun o‘zining 47 yoshli opasi va 50 yoshli qarindoshini jalb qilgan. Tadbir davomida uning opasining uyidan ham 120 dona “Zodak”, 260 dona “Anaferon”, 96 dona “Xilak Forte” va 313 dona nomsiz flakonlarga solingan sirop holidagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov jarayonida tez yordam feldsherini dori vositalari tayyorlashda kerak bo‘ladigan etiketka, flakon, qopqoq va probkalar, dori qutilari hamda yo‘riqnomalar bilan andijonlik 33 yoshli shaxs ta’minlab turgani aniqlandi.

Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan 40 yoshli qo‘qonlik fuqaroning uyida ham tintuv-tergov harakati o‘tkazilgan. Unda tez yordam feldsheridan sotib olingan, umumiy qiymati 27 mln 646 ming 800 so‘mlik 150 dona “Zodak” va 146 dona “Xilak Forte” dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergov jarayonida dorining noqonuniy oldi-sottisiga Chortoq tumanida yashovchi 30 yoshli tibbiyot yo‘nalishidagi davlat oliy ta’lim muassasasining talabasi ham aloqador ekanligi ma’lum bo‘ldi. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon va Qo‘qon shaharlarida sotuvga chiqarilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining 186−3-moddasida (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash… bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri hamda uni xom-ashyo bilan ta’minlab turgan, Andijon shahrida yashovchi fuqaroga 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolgan 4 nafar shaxsning har biri 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Ashyoviy dalil sifatida olingan barcha dori vositalari esa tegishli tartibda yo‘q qilindi.