Gaz resurslari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Ultimo Group Limited MCHJning 50 foizlik ulushiga egalik qiluvchi tadbirkor va mazkur kompaniya direktori Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev 2024-yil aprel oyida e’lon qilingan materiallar sabab “Ozodlik” radiosining o‘zbek tahririyati hamda uning jurnalisti Lazizxon Olimov (Aziz Nur) ustidan sudga da’vo arizasi kiritgandi.

Ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida sudya A. Rajabov raisligida ko‘rib chiqildi. 12-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida da’vogar Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevning advokati Davronbek Axmatov, uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan “O‘ztransgaz” AJning ikki nafar xodimi ishtirok etgandi. Birinchi sud majlisi haqida ushbu maqola orqali tanishish mumkin.

19-iyul kuni o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida “O‘ztransgaz” kompaniyasi vakillari so‘zga chiqib, Ultimo Group Limited Turkmaniston gazini “Qizilqumsement” kompaniyasiga sotganligini tasdiqladilar. Yetkazib berish uchun “O‘ztransgaz”ning magistral gaz quvurlari infratuzilmasidan foydalanilgan bo‘lib, u bilan “faqatgina tashish shartnomasi” imzolangani qayd etildi.

Gaz-transport kompaniyasi vakilining aytishicha, “O‘ztransgaz” tabiiy monopoliya subyekti hisoblanadi, shuning uchun “gazni tashish bo‘yicha shartnoma tuzishni rad etish mumkin emas, lekin texnologik imkoniyatlarni hisobga olish kerak”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashish tariflari bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov raisligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Hukumatlararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, u 2021-yilning kuz-qish mavsumida ko‘plab sanoat korxonalarining ishga tushirilishi va “so‘nggi yillarda qurilish hajmining 30−40 foizga oshishi” fonida gaz tanqisligi yuzaga kelganini ma’lum qildi. “O‘ztransgaz” vakilining aytishicha, qishda sement zavodlari gaz yetishmasligi sababli to‘xtab qolgan, biroq “Qizilqumsement”ning Tashkent City loyihasi tashabbuskorlari oldidagi majburiyatlari bor edi, uni amalga oshirish uchun xomashyo kerak bo‘lgan. Ta’minot uzilgan taqdirda jarima nazarda tutilgan.

Uning eslatishicha, “Qizilqumsement” Ultimo Group Limited kompaniyasidan gazni 1000 so‘mdan sotib olgan — xuddi shunday tarif uchinchi toifadagi iste’molchilar uchun ham amal qilgan.

Mutaxassis, shuningdek, “O‘ztransgaz” Ultimo Group Limited’ga gaz importi uchun to‘lamaganini ta’kidladi.

29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yakuniy yig‘ilishda tilshunos mutaxassislar, filologiya, adabiyot va o‘zbek tili fanlari magistranti va doktorantlari ishtirok etib, tergovda bildirilgan fikrlarga baho berdilar.

Ular “arvoh” “o‘rtakash” “yashirin faoliyat” va boshqa so‘zlarni hamda kontekstni baholadilar. Da’vogar tomon, shuningdek, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazidan xulosa olib, kompaniyaning ishchanlik obro‘siga, ta’sischining sha’ni va qadr-qimmatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan yuqoridagi va boshqa epizodlarni ham ko‘rsatib o‘tdi.

Majlis yakunida Abduqodir Rajabov raisligidagi sud Ultimo Group Limited va Tuhaftxo‘ja Anvarxo‘jayevning da’vosini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi va “Ozodlik” radiosiga raddiya e’lon qilib, ma’naviy zarar uchun 100 mln so‘m kompensatsiya to‘lashni yukladi.

Ma’lumot uchun, Ultimo Group Limited kompaniyasi 2021-yilning 10-martida tashkil etilgan bo‘lib, oradan bir oy o‘tib, “Qizilqumsement” bilan 315 milliard so‘mlik (30 million dollarga yaqin) shartnoma imzolagan.