Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan uchrashuvda umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi.

Davlat rahbari ularning eng katta muammosi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va ishchilar hisobini yuritish ekanidan xabardorligini ta’kidladi.

Shu bois keyingi yilning 1-yanvaridan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib beriladi. Bunda oylik aylanmasining 60 foizini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. Agar naqd pulsiz aylanma 60 foizdan kam bo‘lsa, “keshbek” 20 foiz bo‘ladi.

QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarga foyda solig‘i 2 karra kamayadi. 1-dekabrdan bu korxonalar naqd pulga sotib olgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim qilishda hech qanday hujjat talab qilinmaydi.

Ularga bahor va yoz mavsumida o‘zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi.

Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.

Xuddi shu kabi 1-oktabrdan mehmonxona va turoperatorlarga ham to‘langan QQSning 20 foizi “keshbek” qilib beriladi.

Avvalroq restorator Timur Musin ovqatlanish korxonalari uchun QQS daromaddan emas, aylanmadan to‘lanishini ta’kidlagan edi. QQS, shuningdek, boshqa soliqlar va to‘lovlarga ketadigan 20 foiz marja biznesning “toza” ishlashiga imkon bermaydi. Tadbirkor umumiy ovqatlanish korxonalari uchun QQS stavkasini ikki baravar — amaldagi 12 foizdan 6 foizga kamaytirishni taklif qilgan.

2022-yilning avgust oyida moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Dilshod Sultonov bir qator mahsulotlarga QQS miqdorini nolga tushirish samarasi “nolga teng” bo‘lganini aytgan edi. Bundan tashqari, bu umumiy ovqatlanish sanoatida soliq zanjiridagi uzilishlarga olib kelgan.