Oliy Majlisning navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil may oyidagi farmonida 2011-yildan beri amalda bo‘lgan qonunni yangilangan Konstitutsiyaga zid deb bekor qilish nazarda tutilgan. Hozirda qonunga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 12 toifadagi fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega.

Poytaxt va Toshkent viloyatida “fuqarolarni doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlar yuzaga kelmoqda” deyiladi parlament quyi palatasi xabarida.

Qonun loyihasi bilan yuqorida ta’kidlangan qonun bekor qilinib, respublika bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda.

Ya’ni endilikda Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 32-moddasida O‘zbekiston hududida qonuniy asoslarda bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, aholining ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish taklif etilmoqda.

Jumladan, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, oltmish yoshdan oshgan yoki to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, shuningdek jazoni ijro etish muassasasidan jazoni o‘tab chiqqan, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar ro‘y berganligi natijasida jabrlangan shaxslar endilikda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikdan to‘liq ozod etiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi (jami 3 ta o‘qish bo‘lib o‘tadi).