Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalardan qochish muammosini hal qilish uchun Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlaridan yordam so‘rashi kerak, deb yozdi The Economist.

“Ukrainadagi urushdan Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari iqtisodlari foyda ko‘rayotganga o‘xshaydi”, — deyiladi materialda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning beshta davlati iqtisodiyoti 2022-yildagi 4 foizga nisbatan 2023-yilda jami 6 foizga, Armaniston iqtisodiyoti esa 2022-yildagi 5 foizga nisbatan 8 foizga o‘sgan. Logistika sohasi ham jadal rivojlanmoqda, yuk tashish yiliga 20 foizga oshmoqda.

Bu yevropalik siyosatchilar uchun yomon yangilik, ta’kidladi The Economist. “Biz qandaydir soyadagi faoliyatni kutgan edik, ammo hozir biz bilib turgan miqyosda emas”, — dedi nashrga ismi oshkor etilmagan YeI rasmiysi.

YI uchinchi davlatlar va ularga eksport qiluvchi yevropalik ishlab chiqaruvchilarga qarshi ikkilamchi sanksiyalar bilan tahdid qilgandi, biroq faqat bir nechta kompaniyalarga nisbatan chora ko‘rdi. Qora ro‘yxatga kiritilgan har bir kompaniya uchun boshqa joyda boshqasi ro‘yxatdan o‘tgan, deb yozdi nashr.

“Haqiqiy yechim topish uchun Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlaridan yordam so‘rash kerak. Bu oson ish emas. Mintaqa siyosatchilari o‘zlarining Rossiyaga yaqinligini qadrlaydi va qoidalarni buzishdan ko‘pincha shaxsan foyda ko‘radi. Biroq yevropaliklar ularga imtiyozlar taklif qilishi mumkin edi”, — deb hisoblaydi The Economist.

Nashr misol tariqasida YI yordam, kredit va shartnomalar shaklida 270 million yevro ajratganidan keyin Rossiya bilan savdo qiluvchi firmalarni yopishni boshlagan Armanistonni keltirdi.

“Alternativ sifatida Yevropa shirinlik o‘rniga qamchi ishlatishi mumkin edi. Bu uchinchi mamlakatlarga eksport taqiqini uzaytirish yoki ularning banklari uchun [xalqaro banklararo SWIFT tizimiga] kirishni cheklash bo‘lishi mumkin edi. Bu Yevropaning qolgan gaz manbalarini (Ozarbayjon va Armaniston) g‘azablantirishi va Yevropa kompaniyalariga zarar yetkazishi mumkin. Gap shundaki, YI Ukrainaga sanksiyalar rejimini kuchaytirishdan keladigan foyda shunga arziydi, deb hisoblaydimi? Uning hozirgi yondashuviga qaraganda, yo‘q”, — deb yozmoqda The Economist.

Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya iqtisodiyoti, G‘arbning qattiq sanksiyalariga qaramay, o‘sib bormoqda, savdo esa uchinchi mamlakatlardagi vositachilar yordamida “gullab-yashnashda davom etmoqda”. YIning Armaniston, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va Markaziy Osiyoning beshta davlatiga eksporti 2023-yilda 46 milliard yevroga oshib, 2021-yilga nisbatan 50 foizga o‘sgan. Bu 2021-yildan 2023-yilgacha Yevropaning Rossiyaga eksporti qisqarishining to‘rtdan uch qismiga teng. Shu bilan birga, uchinchi davlatlar orqali tovar ayirboshlashning eng katta o‘sishi hozirgi vaqtda eksporti keskin cheklangan tovarlarga to‘g‘ri keladi.

Shu tariqa, The Economist'ning aniqlik kiritishicha, YIdan Qozog‘istonga avtomobillar eksporti 2021-yildan 2022-yilgacha ikki barobar oshgan, keyin esa 2023-yilda yana 23 foizga o‘sib, 6,4 milliard yevroga yetgan. Armaniston 2023-yilda Yevropadan 2021-yilga nisbatan 2 barobar ko‘p kimyoviy moddalar, 5 barobar ko‘proq IT uskunalari va 4 barobar ko‘proq elektronika import qilgan. Bundan tashqari, chegaradan kontrabanda orqali olib o‘tiladigan va rasmiy savdo statistikasiga kiritilmaydigan tovarlar ham bor, deyiladi materialda.

Nashrning fikricha, YI “sizib chiqishlarni” bartaraf etishga harakat qilmoqda, biroq bu “Yevropaning ba’zi eng tikanli qo‘shnilari hukumatlari bilan qattiqqo‘l bo‘lishi” kerakligini anglatadi.