AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti (USDA) Amerikada yetishtirilgan soya shrotini ilk bor O‘zbekistonga tijoriy yo‘l bilan olib kelishga qaratilgan tajribaviy dasturni ishga tushirdi. Umumiy qiymati 114 657 dollar bo‘lgan 150 tonna soya shrotining dastlabki partiyasi mamlakatga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Soya ozuqasining asosiy xaridorlaridan biri hisoblangan “Yangiyoʻl omuxta yem” korxonasida tashkil etilgan tadbirda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik, AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti vakili Lukas Blaushtayn, Yangiyo‘l shahri hokimi Dilshod Sultonov va OAV vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, soya shrotini olib kelish jarayoni AQSh qishloq xo‘jaligi departamenti hamda Minnesota soyani tadqiq va targ‘ib etish kengashi (MSR&PC) hamkorligida amalga oshirilgan. O‘zbekistondagi “Datacrop” korxonasi mahalliy savdo kompaniyalari va parrandachilik xo‘jaliklari tomonidan buyurtma qilingan soya ozuqasini xarid qilish, tashish va mamlakatga olib kirishga rahbarlik qilgan. “O‘zAgroLogisticsCenters” korxonasi esa bu tashabbus uchun ruxsatnomalar va bojxona tartib-taomillarini osonlashtirishga bosh-qosh bo‘lgan. Soya ozuqasi AQShning “Hansen Mueller” va “DeLong Co” kompaniyalaridan xarid qilingan.

AQSh elchisi Jonatan Henik marosimda nutq so‘zlab, okean ortidan O‘zbekistonga tijorat yo‘li bilan ilk bor soya shroti keltirilganini olqishladi.

“O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi tijoriy aloqalar tobora mustahkamlanib, ikki mamlakat orasidagi savdo xajmi yildan yilga o‘sib bormoqda. Bugun biz munosabatlarimizdagi yangi muhim bosqichni nishonlayapmiz. Soya shroti mamlakat qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, fermer xo‘jaliklari: go‘sht va sut mahsulotlari yetishtiruvchilar uchun juda muhim ozuqa hisoblanadi. Amerikadagi soya yetishtiruvchilar dunyodagi eng sifatli soya shrotini ishlab chiqaradi va bundan faxrlanishadi. Ular nafaqat o‘z muhsulotlarini sotishdan, balki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi bilan hamkorlik o‘rnatish va birgalikda biznesni rivojlantirishdan ham manfaatdor”, — dedi elchi.

“Yangiyoʻl omuxta yem” va “Datacrop” kompaniyalari rahbari Jamol Aripov jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekiston birinchi marta Amerikadan soya shrotini import qilganini tarixiy jarayon deb atadi.

ақш - o‘zбекистон, ақш elchiхонаси, soya

“Yurtimizga ancha yildan beri Argentinadan soya shroti kirib keladi. U yerda yil davomida ikki marta hosil olinadi, mart oyidagi soya narxi yoz va kuzga borib qimmatlashadi. Amerikada esa soyani o‘rib olish jarayoni kuzga yaqin boshlanadi. Ikkisidan ham soya shrotini import qilish biz uchun juda muhim. Argentinaning soya shroti bizga Rossiya hududi orqali Latviya, Litva portlaridan kirib keladi. Amerikadan import qilgan mahsulotimizni esa birinchi marta Gruziya portidan foydalanib, olib keldik. AQSh soya shroti bilan hali O‘zbekistondagi parranda va chorvachilik fermer xo‘jaliklari tanish emas. Olib kelingan 115 tonna mahsulotni mamlakatdagi fermer xo‘jaliklariga tarqatib, ularni yaqindan tanishtiramiz. Bundan tashqari, Minnesotadan parrandachilik bo‘yicha, Ukrainadan esa sifatli sut yetishtiruvchi mutaxassislarni olib kelganmiz. Ular parrandachilik va chorvachilik fermer xo‘jaliklariga borib, Amerikadan import qilingan soya shrotini ishlatish, qanday omuxta yem qilish sirlarini o‘rgatadi, bilimlari bilan o‘rtoqlashadi. Hayvonlar va parrandalar ozuqasi tarkibiga qo‘shiladigan soya shrotining AQShdan kirib kelishi natijasida O‘zbekistonda sut va go‘sht mahsulotlari, parrandalar narxi tushadi”, — dedi tadbirkor Jamol Aripov.

AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti vakili Lukas Blaushtaynning so‘zlariga ko‘ra, shu paytgacha Amerikadan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami dasturi doirasida ko‘p marta soya shroti yuborilgan, ammo biror marta ham tijoriy maqsadda import qilinmagan.

“Biz shu davrga qadar Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa mamlakatlariga soya maxsulotlarini import qilgan bo‘lsak-da, lekin O‘zbekiston bilan ilk bor tijoriy hamkorlik qilyapmiz. O‘zbekiston aholisi o‘sib bormoqda, shu sababli soya mahsulotlariga ham talab ortmoqda. Kelgusida bu hamkorlik xajmi ortishiga ishonamiz”, — dedi u.

ақш - o‘zбекистон, ақш elchiхонаси, soya

“Dunyoda soya ishlab chiqaruvchi uchta yirik mamlakat bor: AQSh, Argentina va Braziliya. Lekin Janubiy Amerikada yetishtiriladigan soya mahsulotlarini Markaziy Osiyo mintaqasiga faqat Rossiya orqali olib kelish imkoniyati mavjud. Shu sababli mazkur tarmoq bitta davlatga qaram bo‘lib turibdi. O‘zbekistonning dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagani tufayli Amerikadan mahsulot olib kelish ancha qiyin bosqichlarda kechardi. Bu safar Kaspiy dengizidan o‘tadigan va jadal rivojlanayotgan „o‘rta koridor“ marshruti orqali tajriba sinov tariqasida ilk bor soya shroti partiyasini O‘zbekistonga olib keldik va bu muvaffaqiyatli kechdi. Bu har ikki mamlakat uchun ham manfaatli savdo hisoblanadi”, — Lukas Blaushtayn.

Ma’lum qilinishicha, “MSR&PC” O‘zbekiston kompaniyalari bilan qiymati taxminan 15 million dollarlik 22 000 tonna soya shroti importi uchun shartnomalar imzolagan.