O‘zbekistonda yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz iste’moli belgilangan limitdan oshib ketganda hisobi o‘zgartiriladi. Bu haqda seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Nukusda tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida aytib o‘tildi.

Prezident barcha sanoat korxonalari elektr va gazga o‘rnatilgan limit oshib ketsa, to‘lov 2 karra ko‘p undirilayotganidan norozi bo‘layotganini, bunday cheklovlar sanoatning o‘sishiga ta’sir qilishini aytdi.

Endi elektr va gaz iste’moli limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi. Agar iste’mol 20 foizdan o‘tib ketsa, oshgan qismiga to‘lov 20 foiz qimmatlashadi.

Tadbirkorlik reytingida “yuqori”, “o‘rta” toifadagi korxonalarga elektr uchun oldindan to‘lovni bir oyda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

budjetdan, kreditdan va boshqalardan qarzi bor tadbirkorlarni hisob raqamiga “inkasso” (qarz undirish) qo‘yilgani uchun, ular elektr, gaz va suvga to‘lov qila olmayapti. Vaholanki, ishlab chiqarish to‘xtamasa, qarzdorlik tezroq uziladi.

Endilikda “inkasso” bo‘lganda ham, kommunal xizmatlarga to‘lovlar to‘xtatilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, elektr energiyasi va gazdan foydalanishning yangi qoidalarida (Vazirlar Mahkamasining 31-maydagi qarori bilan tasdiqlangan) yuridik shaxslar elektr energiyasidan belgilangan limitning 10 foizidan ortiq miqdorda elektr energiyasi iste’mol qilganda shartnomada ikki baravar tarif to‘lashi belgilab qo‘yilgan.

Iyun oyining boshidan tadbirkorlar elektr energiyasi limitidan oshib ketganda ikki baravar tarif to‘lay boshladi .

“[Yuridik shaxslarga] 1 kVt/soat uchun 900 so‘m qilingandi. Limitni abonent o‘ziga o‘zi belgilagan va „predoplata“ qilgan. Aytaylik, oyiga 5000 kVt/soat. Limitdan oshsa, 960 so‘mdan to‘lashgan. Endi limitdan oshsa, 1 kVt/soatni 1800 so‘m qilishibdi”, — degandi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov iyun oyi boshida Energetika vazirligining bu qarorini “juda qimmat xato” deb atagandi. Uning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslar uchun ham energiya juda katta subsidiyalashgan narxda, ishlab chiqarish xarajatlaridan bir necha barobar arzon narxda beriladi, xuddi shu sxemani yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llash “mutlaqo xato”.

“Chunki, birinchidan, shundoq ham yuridik shaxslar to‘laydigan narx xarajatlardan yuqoriroq. Ya’ni mantiqan yuridik shaxslar ishlatgan har bir kilovatt energiyadan, energetik kompaniyalar foyda olishadi. Jismoniy shaxslarda teskarisi, har bir uyda yoqilgan kilovatt soat svet uchun davlat — ya’ni soliq to‘lovchilar orasidagi farqni kompensatsiya qilishadi. Yuridik korxonalarda esa teskarisi — qancha ko‘p yoqishsa — shuncha foyda”, — deb yozgan u.

Lekin bu qarorning asli eng yomon tarafi iqtisodiy shikastida, deydi iqtisodchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi eng katta muammolardan biri “o‘rtacha firmaning kichikligi”dir. Ya’ni bizda, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, korxonalarni nufuzi ortishi juda qiyin masala, deya tushuntirgan u.