Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Nukusda tadbirkorlar bilan muloqot chog‘ida mamlakatning 2026-yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi zarurligi haqida gapirdi.

“Ushbu tashkilotga kirish — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarimizning ajralmas bir qismi. Lekin ayrimlar bunga shubha bilan qarayapti, boshqalar „korxonalar sinadi, import bosib ketadi“ degan xavotir bilan yuribdi. Bir narsani tushunish zarur, import bojlari ishlaydi. Shuning uchun tashkilot a’zolari bilan muzokaralar o‘tkazayapmiz”, — dedi davlat rahbari.

“Ertangi kunimiz — teng raqobat muhiti va eksportga qaratilgan sanoat va savdo siyosati. Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi. Chunki xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga kirmasak, iqtisodiy o‘sish biz kutgandek bo‘lmaydi”, — dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yetti oyida O‘zbekiston eksporti 13 foizga oshib, 10 milliard AQSh dollaridan yuqoriladi. U mamlakat korxonalarining tashqi bozorga chiqishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash davom etishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlarning yillik importi 90 milliard dollar bo‘lgani bilan O‘zbekistonning undagi ulushi atigi 4 foiz ekani yoki MDH doirasida erkin savdo rejimi o‘rnatilgani bilan, hamdo‘stlikdagi 500 milliard dollarlik importda O‘zbekistonning hissasi 2 foizga ham bormasligini misol qilib keltirdi.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston “hali raqobat borasida ancha ishlashi zarur”.

Shu munosabat bilan ikki oy oldin alohida farmon bilan metallurgiya, kimyo, energetika va telekommunikatsiyalar sohalarida mutlaq huquqlar bekor qilindi. Bundan tashqari, 2026-yilning iyul oyidan boshlab davlat xaridlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga beriladigan imtiyozlar, shuningdek, mahalliy elektr jihozlari uchun narx imtiyozlari qisman bekor qilinadi.

Prezident: “Bundan buyon, hech kimda alohida huquq bo‘lmasligi, xoh davlat strategik korxonasi bo‘lsin, xoh xususiy korxona yoki xorijiy investor bo‘lsin, iqtisodiyotda barcha teng sharoitda ishlashi kerak, — deb ta’kidladi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zolik xalqaro tranzit yuk tashishda ortiqcha to‘lov yoki cheklovlardan xalos qiladi. Albatta, bu raqobatdosh bo‘lishimizga yana bir turtki beradi", — dedi davlat rahbari.

Umuman olganda, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirish, tashqi bozorda munosib o‘rin topish uchun xalqaro standartlarga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Masalan, pestitsidlar nazorati yo‘lga qo‘yilmas ekan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha belgilagan marralarga erishib bo‘lmaydi. Yetishtirayotgan mahsulotlar bozorini topolmasdan nobud bo‘laveradi.

Shu bois bu yil oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha katta o‘zgarishlar rejalashtirilgan. Bu orqali karantin, veterinariya, sanepidemnazorat va standart tashkilotlarining takrorlovchi vakolatlari qisqaradi, tadbirkorlarni qayta-qayta tekshirishga chek qo‘yiladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev may oyida O‘zbekiston 2026-yilda Kamerunda bo‘lib o‘tadigan 14-vazirlar konferensiyasigacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

O‘tgan yilning avgust oyida prezident 2025-yildan boshlab olib kirilayotgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun yig‘imlarni bekor qilish, olib kirilayotgan tovarlarni davlat tilida markirovkalash tartibiga o‘zgartirishlar kiritish va boshqalarni nazarda tutuvchi farmonni imzolagan.