19-avgust kuni O‘zbekistondagi yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi operatori ATTO va Bishkek (Qirg‘iziston) jamoat transportida tizim operatori o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi, deya xabar berdi O‘zbekiston kompaniyasi matbuot xizmati va Bishkek meriyasi.

Qayd etilishicha, hamkorlikdan maqsad ikki davlat shaharlaridagi jamoat transportida to‘lovlarni o‘zaro qabul qilish bo‘yicha integratsiyani amalga oshirishdan iborat.

“Tez orada Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohat haqini Tulpar kartalari bilan, O‘zbekiston fuqarolari esa Bishkekda ATTO kartalari orqali to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Faol rivojlanayotgan turizm sharoitida bunday hamkorlik ikki mamlakat aholisining sayohatlarini yanada qulay qiladi”, — deyiladi xabarda.

ATTO xabar berishicha, hozirda ikki tizimni integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Avtomatlashtirilgan Transport To’lov Tizimi Operatori korxonasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-noyabrdagi qarori ijrosi yuzasidan Transport vazirligi huzuridagi “O‘zavtotranstexnika” DUK Ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda “Yagona umumrespublika protsessing markazi” (Uzcard) ishtirokida tashkil etilgan. Iyun oyi boshida markazning ulushi 12,9 foiz edi, qolgan 87,1 foizi Timur Maxmudjanovich Azadovga tegishli bo‘lgan.

Tulpar — bu Bishkek meriyasi va Shveysariyaning BPC Company o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan kompaniya. Bishkek rasmiylari bilan tuzilgan kelishuv shartlariga ko‘ra, kompaniya o‘z mablag‘i hisobidan loyihani to‘liq ishga tushirgan va validatorlarni o‘rnatishdan tortib, kartochkalarni chop etish va reklamagacha bo‘lgan barcha xarajatlarni qoplagan. Tulpar`ni ishga tushirish uchun BPC Company 700 ming dollardan ortiq sarmoya kiritgan, buning evaziga har bir yo‘lkiradan 50 tiyin (taxminan 1,5 so‘m) oladi.

Bishkekda Tulpar tizimi 2020-yilning mart oyidan boshlab ishga tushirilgan. Transport kartalaridan Bishkek jamoat transportida (avtobus va trolleybuslarda) foydalanish mumkin.