Eron prezidenti Ibrohim Raisiy halok bo‘lgan vertolyot qulashiga ob-havo sharoiti va ortiqcha yuk sabab bo‘lgan, deb xabar bermoqda Reuters Eron davlat agentligi Fars’ga tayanib.

“Oyatulloh Raisiy vertolyoti halokati bo‘yicha tergov yakunlandi… va voqea baxtsiz hodisa ekaniga to‘liq ishonch bor”, — dedi Fars’ga maxsus xizmatdagi manbasi.

Tekshiruvning ko‘rsatishicha, bortida Raisiy bo‘lgan vertolyotda xavfsizlik protokollarida ko‘rsatilganidan ikkitaga ko‘proq kishi bo‘lgan, shu sababli u kerakli balandlikka ko‘tarila olmay, tumanli sharoitda toqqa qulagan.

  • Bortida Raisiy bo‘lgan vertolyot 19-may kuni Eron shimoli-g‘arbidagi tog‘li hududga qulagan. Prezident Ozarbayjon bilan chegaradagi Araks daryosidagi to‘g‘onning ochilish marosimidan qaytayotgan edi. Raisiy birga bo‘lganlarning hammasi, jumladan, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyan ham vafot etgan.
  • Sobiq yurak jarrohi Mas’ud Pezeshkiyon iyul oyida Eronning yangi prezidenti etib saylandi. U Eronning butun dunyodan “yakkalanishi”ga barham berishga va’da berdi va 2015-yilgi yadroviy kelishuvni qayta tiklash bo‘yicha G‘arb bilan “konstruktiv muzokaralar” olib borishga chaqirdi.