Jizzax viloyati Zomin tumanidagi dehqon xo‘jaligi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qishloq ho‘jalik ekinlarini suv nasoslari bilan sug‘orishda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davomida “S.R.” fermer xo‘jaligi rahbari X.N. ushlandi. Aniqlanishicha, u suv nasosini tarmoqqa ulagan, o‘rnatilgan hisobga olish uskunasiga ulanish sxemalarini o‘zgartirish yo‘li bilan tashqi ta’sir ko‘rsatgan.

X.N. bu orqali 1 milliard 395 million so‘mlik 622,6 ming kVt soat elektr energiyasini o‘g‘irlagan.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlandi.

BP fermer va dehqonlardan faoliyati davomida energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishni so‘radi. Tashkilot kuchaytirilgan reyd tadbirlari davom etayotgani va jazo muqarrarligini eslatdi.