AQSh Demokratik partiyasi delegatlari bo‘lajak saylovlarda vitse-prezident Kamala Harrisni o‘z nomzodi sifatida rasman ma’qulladi. Ovoz berish 20-avgust kuni Chikagodagi partiyaning milliy qurultoyida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda CNN.

Harris Viskonsin shtatidan videoaloqa orqali marosimga qo‘shildi, u yerda u saylovoldi mitingini o‘tkazib, ramziy ravishda nomzodlikni qabul qildi.

“Sizlarning nomzodingiz bo‘lish biz uchun katta sharaf, — dedi Harris. — Bu kampaniya odamlar fikriga asoslangan va biz birgalikda oldinga siljishning yangi yo‘lini belgilaymiz”.

Avvalroq Harris 1−5-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan virtual ovoz berish jarayonida delegatlarning 99 foiz ovozini qo‘lga kiritib, partiyadan prezidentlikka rasman nomzod bo‘lgandi.

Harris Amerikaning ikkita yirik partiyasidan birida prezidentlikka nomzodlikni qo‘lga kiritgan birinchi qora tanli ayol va janubiy osiyolik birinchi ayol bo‘ldi. U Minnesota gubernatori Tim Uolsni o‘zining sherigi sifatida tanladi, agar Harris saylovda g‘alaba qozonsa, Uols vitse-prezident bo‘ladi.

Harris 22-avgust kuni qurultoyning oxirgi kunida prezidentlikka nomzodlikni rasman qabul qilishi kutilmoqda. U yerda ham nutq so‘zlanadi.

  • AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bayden 21-iyul kuni partiya a’zolarining nomzodlikdan voz kechish haqidagi chaqiriqlari fonida saylov poygasidan chiqish qarorini e’lon qildi. Respublikachi nomzod Donald Tramp bilan muvaffaqiyatsiz debatdan keyin Baydenga bosim kuchaydi. U Demokratik nomzod sifatida Kamala Harrisni ko‘rsatishni taklif qildi.
  • Chikagoda 19-avgust kuni demokratlar s’ezdi ochildi. To‘rt kun davomida unda partiyaning taniqli vakillari, jumladan, sobiq prezidentlar Bill Klinton va Barak Obama so‘zga chiqadi.
  • AQSh prezidenti Jo Bayden s’ezdning birinchi kunida delegatlar bilan xayrlashuv nutqini so‘zladi. U o‘z prezidentligi yakunlarini sarhisob qildi va Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatladi. U o‘z nutqini: “Amerika, men sen uchun hamma narsani qildim”, degan jumla bilan yakunladi.