Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovida qatnashish uchun ruxsat berdi.

Komissiya yig‘ilishicha qayd etilishicha, barcha partiyalar saylovda ishtirok etish uchun kerak bo‘lgan 40 mingta haqiqiy ovozni to‘plagan.

Saylov kodeksining 69-moddasiga muvofiq saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro‘yxati arizalarning kelib tushishi navbati tartibida markaziy matbuotda e’lon qilinadi. Shunga ko‘ra, siyosiy partiyalardan hujjatlarning kelib tushishi navbatiga asosan quyidagi ketma-ketlikda siyosiy partiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etishga ijozat berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi:

  • birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasiga;
  • ikkinchi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga;
  • uchinchi, O‘zbekiston Ekologik partiyasiga;
  • to‘rtinchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasiga;
  • beshinchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasiga.

Saylov kodeksining 31-moddasiga asosan Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovida saylov byulleteniga unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi, ramziy belgisi ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda navbatdagi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi 2024-yil 27-oktabrda o‘tkaziladi.