AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov bilan yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi vaziyatni yaxshilash, yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarga oid dahshatli statistikani kamaytirish bo‘yicha o‘z fikri bilan o‘rtoqlashdi.

— Bolalar ishtirokida tez-tez sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari, jumladan, o‘lim holatlari haqida eshitamiz. Vaziyatni tuzatish uchun nima qilish kerak?

— Savolingiz uchun rahmat, chunki O‘zbekistonda bu mavzu meni juda xavotirga solmoqda.

Birinchi va eng muhimi — odamlar xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari kerak.

Xavfsizlik kamarlari bilan jihozlangan mashinalar ishlab chiqarishimizning sababi bor. Xavfsizlik kamarlaridan foydalanish hayotni saqlab qolishini ko‘rsatadigan o‘n yillik tajriba va dalillar mavjud.

O‘zini yaxshi haydovchi sanab, mashinada xavfsizlik kamari kerak emas deb o‘ylaydigan har qanday kishi shunchaki bexabarlardandir. Siz dunyodagi eng yaxshi haydovchi bo‘lishingiz mumkin, lekin bu sizni boshqa haydovchidan himoya qila olmaydi.

Bolalar bolalar o‘rindiqlarida bo‘lishi kerak. Chaqaloqlar esa o‘z o‘rindiqlarida. Bu odamlar hayotini saqlab qoladi.

Ishonchim komilki, amerikaliklar o‘z farzandlarini qanchalik sevsa, o‘zbeklar ham o‘z farzandlarini shunchalik sevadi.

Agar siz farzandlaringizni sevsangiz, ularni xavfsiz o‘rindiqqa joylashtiring.

Albatta, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish uchun boshqa ishlar ham bajarilishi mumkin — yo‘llar, piyodalar o‘tish joylarini yaxshilash, lekin, eng muhimi, faqat xavfsizlik kamarini taqish. Bundan tashqari, ehtimol, men haydovchilarni piyodalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqirishim mumkin.

— Qaysi biri muhimroq: qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni oshirishmi yoki infratuzilmani yaxshilashmi?

— Menimcha, biz qo‘limizdan kelgan barchasini qilishimiz kerak. Qat’iyroq qonunlar, ehtimol, kattaroq jarimalar, bu qonunlarning ijrosini kuchaytirish. Lekin odamlarning munosabatini o‘zgartirish ham muhim.

Qirq yil oldin Qo‘shma Shtatlarda xavfsizlik kamarlaridan foydalanish taxminan hozirgidek edi. Amerikaliklar esa avtomobillarda xavfsizlik kamarini taqishning hojati yo‘q deb hisoblashgan.

Bizda xavfsizlik kamarlari to‘g‘risidagi qonunlar, jarimalar bor edi va ular amalga oshirildi. Menimcha, xavfsizlik kamaridan foydalanish 80 dan 90 foizgacha oshdi. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, bu o‘n minglab odamlarning hayotini saqlab qoldi, shuningdek, yana ko‘plab odamlarning jarohatlanishining oldini oldi.

— Ko‘pchilik Toshkentda mashina haydash yoki mashinada bo‘lish xavfli deb o‘ylaydi. Bu haqda qanday fikrdasiz?

— Rostini aytsam, mashina haydash biz har kuni dunyoning istalgan nuqtasida qiladigan eng xavfli ishdir.

Biz zilziladan, dovuldan, chaqmoq urishidan xavotir olamiz, lekin bular juda kamdan kam uchraydigan hodisalardir, ammo yo‘l-transport hodisalari juda ko‘p uchraydi.

Ammo umringizni uzaytirishning ikki yo‘li bor: chekishni tashlang va xavfsizlik kamarini taqing.

Toshkentdagi chorraha. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.Toshkentdagi chorraha. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

O‘zbekistonda yo‘lovchilar uchun xavfsizlik kamarlarini taqish hamon majburiy emas

Ishonish qiyin, lekin 2024-yilda O‘zbekistonda xavfsizlik kamarini taqmagan yo‘lovchilar uchun hali ham javobgarlik yo‘q.

2022-yil bahorida hukumat Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirishlar kiritdi, bu esa old o‘rindiqdagi yo‘lovchilardan avtomobil harakatlanishidan oldin kamarlarni taqishni talab etdi. Lekin ikki yildan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, xavfsizlik kamarini taqmaslik uchun jarima solishga oid tuzatishlar qonunchilikka kiritilmadi. Bu tavsiya bo‘lib qolmoqda. Bu esa xavfsizlik kamarini taqmagan yo‘lovchilarga nisbatan jarima qo‘llab bo‘lmasligini anglatadi.

Haydovchilarning xavfsizlik kamarlarini taqishi Toshkent shahrida keng tarqalgan bo‘lishi mumkin, biroq aksariyat hududlarda, hatto shaharlararo magistrallarda ham haydovchilar xavfsizlik kamarlarini taqmaslikni ma’qul ko‘radi. Haydovchilar ko‘pincha yo‘lovchilarga xavfsizlik kamarini taqishning keragi yo‘qligini aytib, ularni bundan qaytarishi mumkin.

Orqa o‘rindiqlar, chaqaloqlar va bolalar o‘rindiqlariga xavfsizlik kamarlarini mahkamlash esa tavsiyaviy xususiyatga ega.

Xavfsizlik kamarini taqmagan haydovchilar uchun jarima atigi 170 ming so‘m yoki 14 dollardan kam. Agar qoidabuzarlik qayd etilgan kundan boshlab 15 kun ichida to‘lov amalga oshirilsa, haydovchi ushbu summaning faqat yarmini, 30 kun ichida esa 70 foizini to‘lashi mumkin.

2022-yil noyabr oyida Qonunchilik palatasi haydovchilarga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini hisoblash tizimini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Misol uchun, tezlikni oshirganlik uchun 0,5 dan 2 gacha jarima ballarini hisoblash nazarda tutilgan. 12 ballga yetganda vaqtincha bu huquqdan mahrum qilish rejalashtirilgandi. Biroq yaqinda Senat qonunni rad etib, uni qayta ishlash uchun qaytardi. Asosiy sabab — qonunga huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini “obro‘sizlantirish maqsadida” foto va videolarni e’lon qilishni taqiqlovchi norma kiritilishi.

2022-yil aprel oyida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Tim Torlou shunday degandi: “Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida men ikki tomonlama qatnov o‘rtasidagi burilib olishlarga duch kelmaganman, bu juda qo‘rqinchli”. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chalarni to‘g‘ri loyihalash, tezlik rejimiga rioya qilishni nazorat qilish va haydovchilikka o‘rgatishni qayta ko‘rib chiqish vaziyatni yaxshilashi mumkin.

2021-yil avgust oyida Fransiyaning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari Bris Rokfyoy Toshkentdagi farovon hayot haqida gapirarkan, shunday degan: “To‘g‘risini aytsam, avtomobillar harakati juda qo‘rqinchli. Men rulda o‘tirarkanman, qo‘rqaman, chunki qoidalar umuman yo‘q”.