Raqobat qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” kompaniyasi yo‘lovchilardan ortiqcha pul undirgani, shu sababli unga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanganini bildirgandi. Aksiyadorlik jamiyati qo‘mitaning bu qaroriga qo‘shilmadi.

Qo‘mita xabarida “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi"ning Farg‘ona filiali 2023-yil davomida 606 380 ta chipta savdosidan vositachilik yig‘im qiymati bo‘yicha 660 million so‘mga yaqin ortiqcha haq undirgani aytiladi. Biroq AJ ma’lumotlariga ko‘ra, shu davr mobaynida Farg‘onada shaharlararo va shahar atrofida harakatlangan 220 740 nafar yo‘lovchiga pullik xizmatlar ko‘rsatilgan.

“Mazkur filialda shaharlararo yo‘lovchi poyezdlari chipta narxi 8 yil mobaynida o‘zgarishsiz qolgan bo‘lib, hozirgi kunda Qo‘qon-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishi 12 000 so‘m qilib belgilangan”, — izohladi kompaniya. Lekin har bir yo‘lovchi uchun tashish harajati 30 000 so‘mni tashkil qiladi, ya’ni “harajatlar yuqoridagi narx bilan umuman qoplanmaydi”.

Xabarda aytilishicha, Farg‘ona filiali chiptasining tarif qiymati moliya boshqarmasida tasdiqlatilgan, vositachilik yig‘imi (3 000 so‘m) esa tashuvchi tomonidan mustaqil belgilangan.

“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” yo‘lovchilardan asossiz pul undirilgani to‘g‘risidagi xabar qo‘mitaning apellyatsiya kengashida yoki sudda ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.