Dunyodagi eng yirik uyali aloqa operatorlaridan biri Britaniyaning Vodafone kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20-avgust kuni Nukusda prezident bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda UzTex Group to‘qimachilik kompaniyasi ta’sischisi, InfinBank`ning asosiy aksiyadori va boshqa tadbirkorlik subyektlari egasi Farhod Mamajonov ma’lum qildi.

“Biz yangi sohaga qo‘l urdik. O‘zingiz kecha majlisda raqamlashtirish haqida gapirdingiz. Yashin tezligida ishlash uchun bizga yashin [tezligida] internet kerak. O‘tgan yili chet el brendini olib kirgin, deb topshiriq bergandingiz. Biz O‘zbekistonga juda ham yaqqol bo‘lgan Britaniyaning Vodafone brendi mobil aloqasini ishga tushirish bo‘yicha 5G Standalone bilan ish boshladik”, — dedi u.

“Hamkorimiz Britaniyaning Vodafone brendi bo‘ladi. Biz Perfectum korxonasini xususiylashtirib oldik…Xususiy tadbirkorga raqamlashtirish quyi bo‘g‘inda yetib borishi uchun internet kerak bo‘ldi, buni bank orasida ko‘rib chiqdik. Buning uchun Uzcard kompaniyasi bilan hamkorlikda inqilobiy rejaga qo‘l urdik — Vodafone kompaniyasi tashkil etiladi. Xudo xohlasa, yangi yilda ishga tushadi”, — dedi tadbirkor.

nokia, vodafone, mobil оператор, tadbirkorлар bilan мuлоқот, фарход маматджанов, фарҳод мамажонов

Vodafone Group Plc qirq yillik tarixga ega va 30 mamlakatda 434 mln foydalanuvchi (dunyodaChina Mobile`dan keyin ikkinchi ko‘rsatkich) bo‘lgan dunyodagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalari guruhlaridan biri hisoblanadi. Yana 50 ta davlatda u to‘liq nazoratga ega bo‘lmagan tarmoqning hamkori hisoblanadi. U ovozli, xabar almashish, ma’lumotlar va statsionar aloqa kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etadi. Shuningdek, kompaniya Freedom Telecom bilan hamkorlikda Qozog‘iston bozoriga chiqishni rejalashtirgan.

Farhod Mamajonov investitsiya qiymati 250 mln yevroni tashkil etishini aytdi. Loyiha 2025-yilning birinchi choragida boshlanishi va 1000 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Loyihada o‘z jihozlari bilan Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi ham ishtirok etadi.

“Ushbu texnologiyalar ishga qo‘yish uchun olib kelinyapti, o‘rnatish ishlari olib borilyapti. Bu loyihani amalga oshirish uchun „O‘zsanoatqurilishbank“ orqali Finlyandiya eksport agentligidan 100 mln yevro investitsiya jalb qildik. Ta’sischilar — o‘zimiz 150 mln yevro jalb qilyapmiz… Shu paytgacha xorijiy va davlat [mobil] korxonalari bo‘lgan, hozir esa milliy uyali aloqa operatorini tashkil qilyapmiz”, — dedi u.

Tadbirkorning aytishicha, Vodafone bozorga kirishdan oldin “O‘zbekistondagi iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlarni sinchiklab tekshirgan”. BAA texnologik guruhi — Emirates Telecommunications Group Company PJSC (e& — Etisalat and) ham loyihada texnik hamkor sifatida ishtirok etadi, dedi u.

2023-yilning oktabr oyida Perfectum dunyodagi yetakchi mobil aloqa tizimlari yaratuvchilaridan va ishlab chiqaruvchilaridan biri Nokia kompaniyasi ishtirokida 5G New Radio texnologiyasini joriy etishga qaror qilgani haqida xabar bergan.

Mart oyida Perfectum uyali aloqa operatori to‘liq xususiylashtirilib, yangi egasiga o‘tgani ma’lum bo‘lgan. Operatorning yuridik shaxsi — Rubicon Wireless Communication MCHJ hozirda 100 foiz tadbirkor Abdumalik Validjanovich Iminovga tegishli. Kompaniya rahbari esa Dmitriy Shukov bo‘ldi.

2020-yilda davlat Perfectum`dagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalarini e’lon qilgandi. O‘sha paytda kompaniyaning 65 foizi davlatga tegishli bo‘lgan, qolgan qismi Amis Protrade International`ga tegishli edi. Perfectum aksiyalarini sotish haqidagi xabarlar ochiq manbalarda chop etilmagan.

2024-yilning iyun oyida Perfectum O‘zbekiston telekommunikatsiya ekotizimini raqamlashtirish va transformatsiya qilish maqsadida BAAning e& Group (Etisalat and) kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasini tuzdi. Ushbu hamkorlikning bir qismi sifatida kompaniya 5G Standalone New Radio (5G SA NR) texnologiyasiga asoslangan yangi Perfectum infratuzilmasini yaratishda yordam beradi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda beshta GSM uyali aloqa operatori: Mobiuz, Beeline, Humans, Uzmobile va Ucell faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘p yillar davomida Perfectum CDMA standartidagi uyali aloqa xizmatlarini taqdim etgan. O‘zbekistondagi uyali aloqa operatorlarining radiochastotalari davlat komissiyasi tomonidan standartlashtiriladi va tarqatiladi.