Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko MDH davlatlarini Rossiyaga nisbatan xudbinlikda ayblagach, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Belarus elchisini taklif qildi. Bu haqda TIV saytida ma’lumot berildi.

Gap shundaki, kuni kecha Lukashenko “Rossiya” telekanaliga bergan intervyusida ba’zi postsovet davlatlari o‘zi hech narsa taklif qilmasdan, Rossiyadan faqat foyda olishga intilayotgani haqida gapirgandi.

“Biz Rossiya bilan aslida bir qayiqdamiz. Agar u ag‘darilsa, birga cho‘kamiz. Ittifoqchilik munosabatlarimizni yashirishning hojati yo‘q. Biz o‘zimizni Rossiyaga hech narsa bermay, faqat olib ketmoqchi bo‘lgan ba’zi boshqa davlatlar kabi tutmaymiz”, — degan Lukashenko. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu holat uzoq davom etmaydi.

“Rossiyaga yordam so‘rab murojaat qilishingiz kerak bo‘lgan vaqt yaqin. Qozog‘istonda bo‘lgani kabi (yanvar voqealarini nazarda tutmoqda — tahr.) inqiroz holatida hamma Putinga yordam so‘rab murojaat qiladi. Biz (KXSHT) tezda javob berib, u yerga kuchlarni yo‘naltirdik va tartibsizliklarni bostirdik”, — dedi u.

U favqulodda vaziyatlarda MDH davlatlari yana Rossiya va Belarusdan yordam so‘rab murojaat qilishiga ishonch bildirdi. Prezident postsovet hududida iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish muhimligini ham ta’kidladi.

“Amerikada yoki Yevropa Ittifoqida Qozog‘iston yoki O‘zbekiston tovarlarini kim kutmoqda? Yo‘q, ular Rossiyaga sotishga intilishadi. Bizda umumiy bozor mavjud va uni yo‘qotish maqsadga muvofiq emas”, — deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Qozog‘iston TIV reaksiyasi

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuning Belarus elchisi Pavel Utyupin bilan uchrashuvi chog‘ida Qozog‘iston BMT nizomi va xalqaro huquqning asosiy normalariga muvofiq muvozanatli va tinchliksevar tashqi siyosat yuritayotganini alohida ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, mamlakat davlatlar o‘rtasidagi barcha kelishmovchiliklarni siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligiga qat’iy ishonadi.

“Hozirgi geosiyosiy sharoitda yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan mamlakatimiz tashqi siyosati kursi o‘z samarasini isbotladi. Shu munosabat bilan, vazir Belarus tomonini davom etayotgan jarayonlarga nisbatan Ostona pozitsiyasini xolisona baholashga chaqirdi”, — deyiladi bayonotda.