Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining maxsus komissiyasi Anglesey Food (korzinka supermarketlar tarmog‘iga egasi) kompaniyasiga o‘z talablarini bajarish muddatini uzaytirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Raqobat qo‘mitasi 15-iyul kuni kompaniyaning “eng arzon narx” deb e’lon qilgan mahsulotlarining narxi boshqa supermarket va bozorlardagi narxlardan farq qilmasligi aniqlangach ish ochgandi. Qo‘mita buni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deya ta’kidlagan. Unga ko‘ra, “eng past” deb e’lon qilingan ayrim turdagi tovarlar narxi boshqa supermarket va bozorlardagi shu kabi tovarlar narxidan farq qilmaydi.

Oradan bir ku o‘tib, Korzinka “eng arzon narx” haqidagi reklamani qoidabuzarlik deb hisoblamasligini bildirdi. Korzinka supermarketlar tarmog‘i “eng arzon narx” iborasidan foydalanishni qoidabuzarlik deb hisoblamasligini ta’kidladi. Kompaniyaga ko‘ra, dastur “vaqtinchalik reklama emas, balki yangi narx strategiyasi” bo‘lib, unda eng past narxlar “uzoq muddatli va har kuni” taklif etiladi.

17-iyul kuni qo‘mitaning maxsus komissiyasi Anglesey Food kompaniyasini reklama qonunchiligini buzganlikda aybdor deb topdi. Ular kompaniyani jarima undirish uchun sudga taklif qilishni rejalashtirgandi (summa BHMning 50−70 baravari yoki 17−23,8 million so‘mni tashkil qilishi mumkin). Bundan tashqari, chakana sotuvchiga bir oy muddatda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan.

7-avgust kuni kompaniya komissiyaga talablarni bajarish uchun vaqt so‘rab murojaat qilgan. Qo‘mita uning iltimosini qondirgan va “Korzinka”ga talabni bajarish uchun muhlat bergan.

“„Korzinka“ qo‘mita izohlarini inobatga olgan holda dasturning ommaviy taklifi va aloqa materiallariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritdi, shuningdek, ixtiyoriy ravishda jarima to‘ladi. Ko‘p sonli aloqa materiallarini tahrirlash va qayta nashr etish ko‘p vaqt va resurslarni talab qilishini hisobga olib, „Korzinka“ Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasidan ko‘rsatmalarni amalga oshirish uchun muddatni uzaytirishni so‘radi. Qo‘mita so‘rovni qabul qilib, qanoatlantirdi va muddatni 16-oktabrgacha uzaytirishga qaror qildi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Aloqa materiallari deganda “Eng arzon narx” iborasi va boshqalar nazarda tutilyapti.