22-avgustdan “Tashabbusli budjet”ning 2024-yil 2-mavsumidagi loyihalarga ovoz berishga start berildi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, ovoz berish jarayonlari 31-avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi va uni quyidagi yo‘llar orqali amalga oshirish mumkin:

  • “Ochiq budjet” portalining veb-sahifasi;
  • Portalning mobil ilovasi (Android va iOS);
  • Telegram`dagi rasmiy bot (@ochiqbudjetbot) yordamida.

Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Loyihalarning eng yuqori qiymati 1 trln 360 mln so‘mni tashkil etadi.

Mazkur mavsumga 6-iyuldan start berilgandi. Loyihalar kiritish 6−26-iyul kunlari, ularni saralash 26-iyul-15-avgust hamda targ‘ibot qilish 15-avgust-22-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, 2024-yildan “Tashabbusli budjet”dagi loyihalarda “Bir fuqaro — bir ovoz” tizimi amal qilmoqda. Ya’ni bir fuqaroda bir necha telefon raqami bo‘lsa ham, u faqat bittasidan ovoz bera oladi. Moliya vazirligiga ko‘ra, “SIM kartani kim ishlatayotgani ahamiyatsiz, u kimning nomidaligi muhim”.

Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli budjet” jarayonining 2024-yil 1-mavsumi g‘oliblari aprel oyida e’lon qilingandi. Respublika bo‘yicha jami 2770 ta loyiha g‘olib deb topilgan, ularni moliyalashtirishga 3,3 trln so‘m yo‘naltirilgan. O‘shanda ovoz berish jarayonlarida 11,7 mln kishi ishtirok etgandi.