2024-yil iyul oyida O‘zbekistonning yirik korxonalarida gaz qazib olish 3,79 milliard kub metrgacha kamaydi, deyiladi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan sanoat ishlab chiqarishiga doir hisobotida.

Bu 2023-yil iyuliga (3,9 milliard) nisbatan 2,9 foizga (114,6 million kub metr), 2022-yil iyul oyiga (4,26 milliard) nisbatan esa 11 foizga kam.

Yetti oyda ishlab chiqarish hajmi 26,15 milliard kub metrni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,3 milliard kub metrga kamroq.

2024-yil va avvalgi yillarning yanvar-iyul oylari uchun ko‘mir, neft, gaz va gaz kondensati ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari taqqosi.2024-yil va avvalgi yillarning yanvar-iyul oylari uchun ko‘mir, neft, gaz va gaz kondensati ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari taqqosi.

May oyida Energetika vazirligi so‘nggi qariyb to‘rt yil ichida ishlab chiqarishning rekord darajada pasayishini Qandim gazni qayta ishlash zavodi, Jarquduq gazni kompleks tayyorlash qurilmasidagi rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari va boshqa texnologik sabablar bilan izohlagan edi. Shu bilan birga, gaz qazib olishning pasayishi bir necha yillardan beri davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektr energiyasining 75−80 foizi gaz yoqish hisobiga ishlab chiqariladi.

Katta qismi gazda ishlaydigan (quyosh va shamol stansiyalaridan tashqari) yirik energiya ta’minoti korxonalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish iyul oyida 5,96 milliard kVt/soatgacha kamaydi, bu o‘tgan yilning iyuliga (7,2 milliard) nisbatan 1,2 milliard kilovatt/soatga (-17 foizga) kamdir.

Yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarish 42,8 milliard kVt/soatgacha kamaygan, bu 2023-yilning yetti oylik ko‘rsatkichidan 5,4 foizga yoki 2,46 milliard kVt/soatga kam.

2024-yil va avvalgi yillar yanvar-iyul oylaridagi elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari taqqosi.2024-yil va avvalgi yillar yanvar-iyul oylaridagi elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari taqqosi.

Avvalroq Energetika vazirligi Statistika agentligining may oyida elektr ishlab chiqarish kamayishi bo‘yicha ma’lumotlarini izohlab, quyosh va shamol elektrostansiyalari hisobiga elektr ishlab chiqarishning o‘sishi 5,8 foizni tashkil etganini bildirgandi. Ta’minot kamayishi tariflar oshganidan keyingi “tejamkorlik” bilan izohlangan.

Biroq Energetika vazirligi muntazam ravishda har oylik/kunlik hisobda stansiyalar bo‘yicha ishlab chiqarish ma’lumotlarini e’lon qilmayapti.

Oylik neft qazib olish 60,2 ming tonnani tashkil etdi (2023-yil iyuliga nisbatan -7 foiz yoki minus 4500 tonna). Yetti oy davomida ishlab chiqarish 424,8 ming tonnani tashkil etdi (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan -6,8 foiz).

Iyul oyida 115 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2023-yil iyuliga nisbatan 13,7 foizga kam (133,2 ming). Yetti oylik taqqoslashda o‘sish atigi 0,7 foizni tashkil etdi — 784,1 ming tonnadan 789,5 ming tonnagacha.

O‘tgan oyda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 90,4 dan 119,4 ming tonnagacha oshgan (o‘tgan yilning iyuliga nisbatan +32,1%). Biroq 2023-yilning yanvar-iyul oylari bilan solishtirganda (bir yil ichida) bu ko‘rsatkich 1,7 foizga — 629,8 ming tonnadan 619 ming tonnagacha kamaygan.

Oylik ko‘mir qazib olish rekord darajada 844,7 ming tonnaga (+236,4 ming) o‘sdi, bu o‘tgan yilning iyul oyidagi hajmdan qariyb 1,4 barobar ko‘p. Yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarish 12,4 foizga oshib, 3,48 million tonnani tashkil etdi.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘proq gaz import qildi. Yetkazib berishdagi farq 165 million dollardan oshdi, deb yozgandi “Gazeta.uz”.

Shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya gaz va elektr energiyasini sezilarli darajada oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar bergan edik.