Toshkent shahrining Sergeli tumanida ham boshqalardagi kabi gastronomik ko‘cha qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda chorshanba kuni loyiha taqdimotida tuman hokimi Elbek Shukurov ma’lum qildi.

24 soatlik gastronomik ko‘cha So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari chorrahasida: tuman hokimligi va “Yangi Sergeli” istirohat bog‘idan boshlab Fayz mebel fabrikasigacha bo‘ladi. Ko‘chaning uzunligi 1,2 km bo‘lib, katta qismi Jaloyir ko‘chasida joylashadi.

Elbek Shukurovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha “ma’lum bir yakuniga yetgan”, ammo tashabbuskorlar aholi va tadbirkorlarning takliflarini tinglashga va inobatga olishga tayyor.

“Bizning prinsipimiz shunaqa: nimaki bevosita iste’molchi ishtirokida amalga oshirilgan bo‘lsa, u yashaydi. Hokimlik hamma sohada mutaxassis bo‘la olmaydi, loyihalashtirishda yaxshi tajribaga ega bo‘lishi mumkin, lekin iste’molchi nimani xohlashini o‘zi yaxshiroq biladi”, — dedi u.

Hokimning ta’kidlashicha, ular bu hududni tanlashga qaror qilganiga “allaqachon mavjud bo‘lgan ko‘chani qilishni xohlamaganlari” sabab bo‘lgan. “Xalq banki bilan maslahatlashganimizdan so‘ng biz ko‘chani noldan qilishga qaror qildik”, — dedi u.

Elbek Shukurovning ta’kidlashicha, Sergeli tumanida “shundoq ham yuradigan” (24 soat faoliyat ko‘rsatadigan — tahr.) ko‘chalar (Yangi Sergeli, Mehrigiyo, Shokirariq) va muassasalar mavjud.

Yangi gastronomik ko‘cha “faqatgina kechasi emas, kunduzi ham” yashashi kerak, shuning uchun So‘g‘diyona va Jaloyir ko‘chalari orasidagi baland daraxtlar, soyali va salqin bo‘lgan qismi tanlandi. Bu ko‘cha boshqa ko‘chalar — Yangi Sergeli, Mehrigiyo va Shokirariq bilan ham “bog‘lovchi” bo‘ladi.

“Keyingi bosqichda ushbu ko‘cha misolida boshqa ko‘chalar ham tartibga keltiriladi”, — deydi tuman hokimligi rahbari.

Shahar va tumanlar hokimliklari infratuzilmani quradi va tadbirkorlarni yengil konstruksiyalardan kafe va restoranlar qurish, fudtraklar o‘rnatish uchun taklif etadi.

Rekonstruksiya tufayli piyodalar uchun qulaylik yaratish maqsadida oltita chorrahani “tartibga solish” va atrof-muhitni to‘siqsiz qilish rejalashtirilgan.

“Gastronomik ko‘chaning ustuvorligi — bu piyodalar, ya’ni [maxsus tanlangan] materiallardan foydalanib, biz mashinalarni imkon qadar tezlikni kamaytirishga majbur qilamiz. Jahonaro ko‘chasidagi kabi baland piyodalar o‘tish joylari bo‘ladi”, — dedi hokim.

Ko‘chalarni rivojlantirishning yana bir tamoyili — barqaror rivojlanish: chiqindilarni kamaytirish, shovqin darajasini pasaytirish va quyoshdan himoya qilish uchun yashil maydonlar va qulay mikroiqlim, dedi tuman hokimligi rahbari. Qulay mikroiqlim yaratish maqsadida favvoralar va ariqlardan foydalanish rejalashtirilgan.

Elbek Shukurov birorta daraxtga, jumladan, daraxt kesish moratoriyiga kirmagan mevali daraxtlarga ham zarar yetkazilmasligiga ishontirdi.

Keyingi tamoyil — tizimli yondashuv. “Bu ko‘chalar o‘rtasidagi munosabatlar. Ushbu ko‘chani yaratish uchun biz deyarli bir kilometr masofani bosib o‘tdik. Bu yerda va boshqa ko‘chalarda tirbandlik bo‘lmasligi uchun u yerdagi chorrahani to‘g‘rilayapmiz. Biz jamoat transportini shu ko‘chadan olib o‘tamiz, lekin bugun bu yerda u yo‘q”, — dedi u.

Loyiha tugallangach, ko‘chani yanada rivojlantirish rejalashtirilgan. Har kuni tadbirlar o‘tkazish uchun hududda konsert maydonchalari va amfiteatr qurish rejalashtirilgan.

Dizayn yechimlari poytaxtning “SAD” arxitektura-dizayn studiyasi tomonidan tayyorlandi. Renderlarda jamoat joylari, jumladan, o‘yin maydonchasi, skameykalar, navesli o‘rindiqlar, yangi ko‘cha yoritgichlari va boshqalar ko‘rsatilgan.

Shokirariq ko‘chasidan Jaloyirgacha avtomobillar harakatini bir tomonlama qilish, chorrahalar orasidagi harakatni o‘zgartirish va yo‘l qismini toraytirish rejalashtirilgan. So‘g‘diyona ko‘chasida ikki tomonlama velosiped yo‘lagi bo‘ladi, to‘xtash joyi “cho‘ntak”da tashkil etiladi.

Jaloyir ko‘chasida harakat o‘qini o‘zgartirib, uni zavod bo‘ylab ushbu ko‘chaning dublikasiga ko‘chirish taklif qilinmoqda. Shu tariqa So‘g‘diyona ko‘chasidan temir yo‘l kesishmasigacha bo‘lgan qismda tranzit va yuk tashuv avtomobillar harakati istisno qilinadi.

Qurilish muddati taxminan ikki oyni tashkil qiladi.

Poytaxtning boshqa hududlarida ham gastronomik ko‘chalar qurilishi rejalashtirilgan — xususan, Sodiq Azimov va Taras Shevchenko ko‘chalarida.

O‘tgan hafta O‘zbekiston ovozi ko‘chasini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish loyihasi ham taqdim etilgandi, unda avtomobillar uchun joy qisqartirilib, piyodalarga ustuvor ahamiyat beriladi.