Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Italiyaning Corriere della Sera gazetasiga intervyu berdi. Quyida “Meduza”ning mazkur intervyuga atalgan materiali tarjimasini taqdim etamiz.

Italyan gazetasi o‘z saytida e’lon qilingan maqola sarlavhasida Usmonovni “o‘zbek milliarderi” deb atadi. Uning boyligi, Forbes talqiniga ko‘ra, 13,8 mlrd dollarga baholanmoqda, bu uning dunyodagi 140-eng boy odam ekanini anglatadi.

“O‘zbek milliarderi Usmonov: „Rossiyaga qarshi sanksiyalar — katta xato“”Skrinshot: Corriere della Sera “O‘zbek milliarderi Usmonov: „Rossiyaga qarshi sanksiyalar — katta xato“”
Skrinshot: Corriere della Sera

“Bolaligimda Aleksandr Dyumaning „Uch mushketyor“ asari mening sevimli romanim edi. Bu mutolaadan hayotimning ikki muhim jihati kelib chiqadi. Birinchisi — qilichbozlikka bo‘lgan ishtiyoqim. Ikkinchisi — O‘zbekiston, mening mamlakatim oilalari baham ko‘radigan „Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun“ shioridir. Shuning uchun men sanksiyalarga qarshi kurashishni va oilamni himoya qilishni davom ettiryapman. Mening singlim — vrach-ginekolog — mening merosimdan bir umrga voz kechishga majbur bo‘ldi, lekin shunga qaramay, u nohaq ravishda sanksiyalar ostida qolmoqda (uning singlisi Gulbahor Ismoilova ham unga tegishli ayrim mol-mulklarning qonuniy egasi ekani sababli sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan — tahr.)”, — dedi Usmonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb rossiyalik ishbilarmonlarni siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilib, katta xatoga yo‘l qo‘ydi.

“Chunki ular qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ular G‘arb va Sharqni yaxshi bilishgan, transmilliy kompaniyalar qurishgan va chet elda faol sarmoya tikishgan. Ammo hozir sanksiyalar tufayli ular asosan Rossiya ichida sarmoya kiritmoqda va G‘arb yurisdiksiyalarining xolisligi haqida xomxayollarga berilmayapti”, — deya ta’kidladi milliarder.

“G‘arb siyosatchilari Rossiya iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqchi edi, u esa o‘sib bormoqda. Ular biznes elitasini jazolamoqchi bo‘lishdi, rossiyaliklar esa pulni uyga qaytarishdi. Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalarga moslashmoqda, qo‘shni bozorlar esa aziyat chekmoqda. Yevropa Rossiya energiya resurslarini rad etyapti va ularni ancha yuqori narxda sotib olishga majbur. Men oq-qora manzarani chizmoqchi emasman: sanksiyalar hamma uchun, shubhasiz, zararli, lekin hozircha ko‘proq yevropaliklar uchun. Savdo to‘siqlari transmilliy kompaniyalar uchun kamroq, mintaqaviy kompaniyalar uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi. Sanksiyalar ojizlik belgisidir”, — dedi Usmonov.

U “70 yoshida salomatlik va xayriya ishlariga e’tibor berish o‘rniga, bor kuchini Germaniyada unga qarshi sanksiyalar va bema’ni siyosiy ta’qiblarga qarshi kurashga sarflayotganini” qo‘shimcha qildi. 2020-yil noyabr oyida Spiegel nashri Germaniyaning Alisher Usmonovga nisbatan tergovi mamlakatning O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlarini yomonlashtirgani haqida yozgan.

“Men buni ilgari ham boshdan kechirganman: 26 yoshimda do‘stim va uning o‘zbek KGB`sining ikkinchi shaxsi bo‘lmish otasi bilan bo‘lgan hisob-kitoblar qurboni bo‘lib, qamoqxonaga tushib qoldim. Oqlanishga erishib, hukmni bekor qilishlariga muvaffaq bo‘ldim. Xudo xohlasa, hozir ham buning uddasidan chiqaman, oliy yuridik ma’lumotga egaman va qonun ustuvorligiga ishonaman”.

Uning qayd etishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mustahkam tinchlik faqat aql-idrok va murosa asosida bo‘lishi mumkin, bunga muzokaralar orqali erishiladi.

“Biz o‘zaro manfaatli yoki hech bo‘lmaganda maqbul kelishuvlar asosida birgalikda yashashga intilishimiz kerak. Ko‘p qutbli dunyoda Yevroosiyo mintaqasining xavfsizligi Rossiya, Xitoy, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Turkiya va Yevropa Ittifoqi manfaatlarini hisobga olishi kerak”, — deydi u.

Usmonov va sanksiyalar

Usmonov 2022-yilning fevralida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyingi dastlabki kunlarda, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgandi. YeI uni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “juda yaqin aloqaga ega” va “Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlashuvga mas’ul bo‘lgan rossiyalik shaxslarga moddiy yoki moliyaviy yordam ko‘rsatgan” oligarx sifatida tan olgan.

Milliarderning o‘zi esa Putin bilan aloqalari tufayli emas, balki shuhrati va boyligi tufayli YeI sanksiyalari uchun qulay nishon bo‘lganini ta’kidlagan.

2022-yilning kuzida nemis prokuraturasi va federal jinoyat politsiyasi departamenti xodimlari Usmonovga aloqador bo‘lgan obyektlarda qator tintuvlar o‘tkazgan. Jarayon Tegernze ko‘lidagi villada va “Dilbar” (Dilbar) yaxtasida, shuningdek, Frankfurt-Mayn yaqinidagi biznesmenning do‘sti oilasining kvartirasida o‘tgan. Tintuvlar 2023-yil mayida noqonuniy deb topilgan.

2023-yil noyabr oyida esa Frankfurt-Mayn sudi rossiyalik milliarderga nisbatan olib borilgan tergov davomida olib qo‘yilgan mol-mulklarni egalariga qaytarishni belgilagan.

2024-yil fevralida Yevropa sudi milliarder Alisher Usmonovning o‘ziga Rossiyaning Ukrainaga bosqini sababli YeI tomonidan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish haqidagi apellyatsiyasini rad etgan. Usmonovning advokatlari sanksiyalar uchun asoslar noaniq ekanini ta’kidlagan, biroq sud bu fikrga qo‘shilmagan.

Ma’lumot uchun, 2022-yil noyabrida Financial Times O‘zbekiston hukumati milliarderga tegishli boylikning bir qismini mamlakat iqtisodiyotiga investitsiya qilish imkoniyatini cheklab qo‘ygani uchun YeIdan Usmonovga nisbatan qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilishni so‘raganini yozgandi. Alisher Usmonov 2018-yilda Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.