O‘zbekistonda bir necha erkak “shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan” soqol qo‘ygani uchun jarimaga tortildi. “Gazeta.uz” Oliy sud saytidagi sud qarorlarini o‘rganish davomida buni aniqladi.

O‘tgan yilning 31-oktabrida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan edi, unga ko‘ra, jamoat joylarida yuzni shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yopib yurish BHMning 10 dan 15 baravarigacha (3,4 mln so‘mdan 5,1 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur huquqbuzarlikda javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida tibbiy ko‘rsatma asosida yoki mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq holatlarda yoxud yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh-kiyimda yoki sport va madaniy tadbirlar paytida ularning ishtirokchilari tomonidan, shuningdek, qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish holati belgilangan.

Oliy sud veb-saytiga ko‘ra, ushbu modda bo‘yicha birinchi sud qarori 23-noyabr kuni qabul qilingan. O‘sha oyda yana ikkita shunday ish ko‘rib chiqilgan. Yanvar oyida MJTKning ushbu moddasi bo‘yicha ko‘rilgan ishlar soni 13 taga, fevralda — 11 taga, martda — 34 taga, aprelda — 109 taga, mayda — 174 taga, iyunda — 194 taga, iyulda — 166 taga, avgustning 20 kunida — 86 taga yetgan.

Sud qarorlari bazasida MJTKning 184−4-moddasi bilan qayd etilgan jami 789 ta holat mavjud. Ko‘p hollarda u ayollar bilan bog‘liq bo‘lgan (kamdan-kam hollarda erkaklar). Umumiy hajmning 416 tasi (52,7 foizi) Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi, ularning ko‘pchiligi Andijon tumani va Andijon shahrida — 276 ta (35 foiz), Qo‘rg‘ontepa tumanida esa — 35 ta holat.

40 ta holatda sudlar ishni tugatgan, 35 tasida esa rad etgan. Ba’zi epizodlarda sudlar faqat ogohlantirish bilan cheklangan. Boshqa hollarda sudlanuvchilar yuzlarini kasallik tufayli berkitib yurganini ko‘rsatib, apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari bilan murojaat qilgan, shundan so‘ng sudlar avvalgi qarorlarni bekor qilgan.

Qayd etish joizki, bir sudlanuvchi ishtirokidagi ayrim qarorlar ma’lumotlar bazasiga qayta yuklangan, shu sababli ko‘rib chiqilgan ishlar soni biroz kamroq bo‘lishi mumkin.

Sud hujjatlari, shuningdek, “shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan” soqol o‘stirgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan erkaklarni ham o‘z ichiga oladi.

22-may kuni Jizzax shahridagi “Ko‘k bozor” bozori hududida “Diniy muhitni sog‘lomlashtirish” profilaktika tadbiri chog‘ida 29 yoshli fuqaro soqolini “shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan” qilib o‘stirgani aniqlangan.

Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan MJTKning 184−4-moddasi (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Sudda u “aybini to‘liq tan olgan” va jamoat joylarida soqol qo‘yishga qo‘yilgan cheklovlardan bexabarligini aytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahri sudining J.Tangmatov raisligida qabul qilingan qarorida Konstitutsiyaning 20-moddasiga (Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak) tayaniladi.

Sud ishda og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘qligini inobatga olib, sanksiyada ko‘rsatilganidan kam, ya’ni BHMning 5 baravari (1,7 million so‘m) miqdorida jarima solishga qaror qilgan.

29-may kuni shu bozorda o‘sha paytdagi 21 yoshli T.S.ga nisbatan ham “tartibsiz soqoli” (sud qaroridan) uchun bayonnoma tuzilgan. U ham 1 million 700 ming so‘m jarima olgan.

22-may kuni Jizzax shahrida 26 yoshli M. “shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan” soqol qo‘ygani uchun BHMning 2 baravari (680 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.

10-may kuni Andijon viloyatining Asaka tumanida IIB xodimlari “butun yuzi jamoat joyida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan soqol bilan o‘ralgan” 27 yoshli Sh. ni to‘xtatgan. Buning uchun, shuningdek, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga rioya qilmagani uchun unga jami BHMning 10 baravari (3,4 million so‘m) miqdorida jarima solingan.

25-aprel kuni Samarqand viloyatining Nurobod tumanida soqol qo‘ygan 36 yoshli erkak, jumladan, MJTKning 184−4-moddasi bilan jarimaga tortilgan.

19-avgust kuni Namangan viloyati Uychi tumanida to‘rt nafar shaxs mayda bezorilik uchun, ulardan biri, shuningdek, “jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan” soqol qo‘ygani uchun qo‘lga olingan. Sudya ikki jazoni umumlashtirib uni 5 sutka qamoq jazosiga hukm qilgan.

Ayrim hollarda sudlar tomonidan MJTKning 184−4-moddasi soqol qo‘ygan erkaklarga nisbatan noto‘g‘ri tasniflangani ko‘rsatilgan va bayonnomadan chiqarib tashlangan.

Masalan, Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida 8-may kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonida 23 yoshli A.A. IIV xodimlari uni soqoli uchun to‘xtatganini aytgan. Undan bo‘limga borishni so‘rashgan, ammo u “xodimning qonuniy talablarini” bajarishdan bosh tortgan. Sud yigitning tashqi ko‘rinishi uni jamoat joyida identifikatsiya qilishga imkon beradi, shuning uchun u MJTKning 184−4-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilishi mumkin emas, deb hisoblagan.

13-iyun kuni Andijon shahridagi “Jahon bozori” bozori hududida jamoat tartibini buzgan va ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan shaxsga nisbatan MJTK moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Sud jarayonida sudlanuvchining aytishicha, IIV xodimi uni bo‘limga taklif qilib, soqolini olishni so‘ragan. Fuqaro esa qo‘lida bolasi borligi uchun buni keyinroq qilishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xodim uni yoqasidan ushlagan, boshqa xodim esa qo‘lini qayirgan.

Sudning qayd etishicha, ushbu shaxsga nisbatan 184−4 (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) va 195-moddalar (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) noto‘g‘ri tuzilgan. Ammo unga nisbatan 183-modda (Mayda bezorilik) va 194-moddaning 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablariga rioya qilmaslik) bilan 1 million 200 ming so‘m jarima solingan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahri sudi 2-may kungi qarorida 20 yoshli yigitga nisbatan MJTKning 184−4-moddasi “ortiqcha malakalangani”ni ham ko‘rsatgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” avgust oyi boshida Zangiota tumanida ko‘chada matodan qilingan niqob taqib yurgan ro‘molli ayol jarimaga tortilgani haqida yozgan edi. U mebel sexida ishlashi va changga allergiyasi borligini tushuntirgan, biroq sud uni 1,7 million so‘m jarimaga tortgan.