Dzyudo bo‘yicha Olimpiada chempioni Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlandi. Bu haqda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Instagram`dagi sahifasida xabar berdi.

“Bu qaror qog‘ozdagi gap emas, balki jamiyatimizdagi chuqur ijobiy o‘zgarishlar ramzidir. Diyoraning Olimpiadadagi g‘alabasi ilg‘or o‘zgarishlar uchun katalizator bo‘lib, butun dunyoga O‘zbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanini namoyish etadi. Diyora dzyudo bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqasidagi ilk Olimpiya chempioni sifatida o‘z nomini tarix sahifasiga yozib ulgurdi va endi u butun bir avlodni ortidan ergashtira oladi”, — deya ta’kidladi u.

“Diyora zamonaviy o‘zbek ayolining serqirraligi — mehribon qiz, sodiq rafiqa, hurmatga munosib kelin, shu bilan birga, mamlakatimizni jahon arenasida muvaffaqiyatli namoyon etayotgan Olimpiada chempioni timsoli”, — deb yozdi Shahnoza Mirziyoyeva.

“Uning maxsus vakil sifatidagi yangi vazifasi O‘zbekistondagi barcha ayollar uchun an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlagan holda istalgan sohada cho‘qqiga chiqishi mumkinligiga o‘ziga xos chorlov bo‘la oldi”, — deyiladi xabarda.

Shahnoza Mirziyoyeva Diyoraning faoliyati nafaqat mamlakatda gender tengligiga erishishni tezlashtirishi, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ilg‘or davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlashi hamda butun dunyo ayollarini ruhlantirishiga ishontirdi.

Eslatib o‘tamiz, dzyudochi Diyora Keldiyorova Parij Olimpiadasining finalida kosovalik raqibi Distriya Krasnichini yengdi va yozgi Olimpiadada oltin medal olgan ilk o‘zbekistonlik ayol sportchi bo‘ldi.

U g‘alabasi haqida so‘zlab, “O‘zbekistondagi ayollar hayotini o‘zgartirish mening missiyam”, deya ta’kidlagandi.