Rossiya xalqaro sanksiyalar va Ukrainadagi urushga qaramay, Amerikaning dron va raketalar uchun mikrosxemalarini sotib olishda davom etmoqda, deb yozdi The Insider surishtiruv natijalariga tayanib. Materialda aytilishicha, O‘zbekiston chiplarni olib kelishda yangi tranzit nuqtasiga aylangan.

Rossiya sotib olish va import qilishda davom etayotgan qimmatbaho mikrochiplar raketalar va dronlar navigatsiyasida, shuningdek, internetda yuzni aniqlash dasturlari yoki kontentni filtrlashda ishlatiladi. Gap asosan Amerikaning Intel (Altera brendi) va AMD (Xilinx brendi) kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan mantiqiy integral mikrosxemalar (FPGA) haqida bormoqda. Materialda yozilishicha, ushbu ishlab chiqaruvchilar ko‘pincha embargoda nazarda tutilgan cheklovlarni e’tiborsiz qoldirmoqda.

Gap shundaki, 2022-yilda Intel va AMD Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadan chiqishini e’lon qilgan, AQSh rasmiylari esa Rossiyaga chip yetkazib berishni to‘liq taqiqlagan. Ammo, eksport, shunga qaramay, davom etavergan — ikki yarim yillik keng ko‘lamli urush davomida Rossiyaga kamida 216 million dollarlik Xilinx brendi, 120 million dollarlik Altera brendi mahsulotlari yetkazib berilgan. Ular harbiy maqsadlar uchun Ural optik-mexanika zavodi, “Orion” ilmiy-texnika markazi va SKBA kabi korxonalar tomonidan sotib olingan.

Nashrning ta’kidlashicha, litsenziyalash va xaridorni tekshirish bilan bog‘liq cheklovlar ko‘pincha oddiy sxema orqali chetlab o‘tiladi: hujjatlarda uskunalar rossiyalik shaxslarga yetkazilmasligi va ularga texnologiyadan foydalanish huquqi berilmasligi ko‘rsatiladi.

“Rossiya mudofaa sanoati uchun asbob-uskunalar va elektronika yetkazib beruvchilar yakuniy oluvchi sifatida YeI yoki Xitoydagi kompaniyani ko‘rsatish kifoya qilishini, shunda amerikalik ishlab chiqaruvchilar tovarlarni jo‘natishga tayyor bo‘lishini allaqachon bilib qolgan”, — deb yozdi The Insider.

Urushdan oldin qonuniy yetkazib berish bilan shug‘ullangan distribyutor firmalar faoliyatini nominal ravishda to‘xtatgan. Biroq importyorlar bilan aloqalaridan foydalangan tadbirkorlar yangi yuridik shaxslar ochib, ular orqali eksport qilishni davom ettirmoqda.

Ulardan biri, xususan, Xilinx mahsulotlarini doimiy eksport qiluvchi “Aydi Solyushn”. Bu kompaniya o‘zini Hitch Global’ning (bozorni tark etgan AMD va Intel platalari ishlab chiqaruvchisi) rasmiy distribyutori sifatida ataydi va, nashrga ko‘ra, platalarni Rossiyaga O‘zbekiston orqali hatto qayta qadoqlanmagan holda olib keladi.

Mutaxassislarning fikricha, urush davrida Xitoy orqali an’anaviy yetkazib berish zanjirlarining murakkablashuvi tufayli O‘zbekiston yangi tranzit nuqtasiga aylangan. Xitoylik kontragentlar sanksiyalardan xavfsirab, rossiyaliklarga naqd pulda to‘lashni va mikrochiplarni kontrabanda orqali olib o‘tishni taklif qilmoqda, deyiladi materialda.

  • Rossiyaning o‘zi amalda FPGA ishlab chiqarmaydi. Yagona va sodda mikrosxemalarni Zelenograddagi “Mikron” zavodi va Voronej yarimo‘tkazgichli qurilmalar zavodi ishlab chiqaradi.
  • Xilinx va Altera chiplari Ukrainaga muntazam zarba beruvchi X-101, “Iskander”, “Kalibr” raketalari va “Lanset” (Zala) dronlarining navigatsiya tizimlarida qo‘llanadi.