O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qilmoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda Ozarbayjonning Pasha Holding, Socar, Sofaz, Agalarov Development, Silk Way Group, Matanat, Sarda Group, AzerGold, Azermash, Ozarbayjon investitsiya xoldingi, “Ozarbayjon temir yo‘llari”, “Alyat” erkin iqtisodiy zonasi va boshqa yetakchi kompaniyalari rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdi.

Bunday shaklda ilk bor o‘tkazilayotgan tadbir ikki mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorligida yangi bosqichni boshlab berishi qayd etildi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari tomonidan e’lon qilingan Iqtisodiy kooperatsiya yili doirasidagi muhim vazifalarni amalga oshirishda aynan biznes asosiy drayver bo‘lishi va hal qiluvchi rol o‘ynashi kerakligini alohida ta’kidladi.

Gap hamkorlikning 20 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha istiqbolli loyihalar haqida bormoqda.

“Biz hurmatli Ilhom Haydarovich bilan bir fikrdamiz: hamkorlik kelajagi biznesga bog‘liq, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning ertangi kuni sizlarga bog‘liq”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tadbirkorlarning samarali va qulay faoliyat yuritishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishiga ishontirdi.

Ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalari haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbarlari kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Toshkent shahrida mehmonxona va turar joy majmualarini barpo etish, Qashqadaryo viloyatida qurilish materiallarini ishlab chiqarish, Ozarbayjonda to‘qimachilik klasterlari hamda tikuvchilik fabrikasini tashkil etish va boshqa loyihalar shular jumlasidan.