20-avgust kuni Qozog‘iston Energetika vazirligi Ostonada mamlakatda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazdi. Yig‘ilish barcha hududlarda bo‘lib o‘tgan ommaviy eshituvlar siklining yakuniysi bo‘ldi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.

Muhokamalarda yadro sanoati mutaxassislari, davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik sektori vakillari ishtirok etdi.

Energetika vazirligining atom energetikasi va sanoat departamenti direktori o‘rinbosari Gulmira Mursalova Qozog‘istonda elektr energiyasining 70 foizi ko‘mir stansiyalarida ishlab chiqarilishi, ularning ko‘pchiligi allaqachon eskirganini ta’kidladi. Bu zavodlarning ba’zilari keyingi 10 yil ichida to‘xtatilishi kerak, dedi u. Shu bilan birga, mamlakatda elektr energiyasi iste’molining yillik o‘sishi taxminan 3 foizni tashkil qiladi. Qozog‘iston pik soatlarda chegaradosh davlatlardan elektr energiyasi sotib olishni rejalashtirmoqda.

“2023-yil yakuniga ko‘ra iste’mol qilingan 115 milliard kVt/soatdan 2 milliard kVt/soatdan ko‘prog‘i, rejalashtirilganidek, Rossiya Federatsiyasidan xarid qilindi. Kelajakda buning oldini olish uchun biz hozirdanoq tegishli choralarni ko‘rishimiz kerak. Hozirgi vaqtda ko‘plab mamlakatlar AESlar qurmoqda. Xitoyda 26 ta reaktor qurilmoqda, Belarus va BAAda birinchi AESlar qurilmoqda, Turkiya o‘z AESini qurmoqda, qo‘shnimiz O‘zbekiston esa kichik atom elektr stansiyasi qurilishini e’lon qildi”, — dedi Mursalova.

“Qozog‘iston atom elektr stansiyalari” kompaniyasi bosh direktori Timur Jantikinning ta’kidlashicha, mamlakat shimolida hali elektr quvvati taqchilligi yo‘q, ammo “janubda vaziyat murakkabroq”. Unga ko‘ra, 13 ta turli AES loyihasi taklif etilgan bo‘lib, ulardan to‘rttasi tanlab olingan.

QR Energetika vazirligining tushuntirishicha, Qozog‘istonda AESlarni qurish uchun bir-birini muvaffaqiyatli to‘ldiruvchi va almashtiruvchi passiv va faol xavfsizlik tizimlariga ega bo‘lgan eng xavfsiz III va III++ avlod reaktorlari taklif etiladi.

Kursiv.uz'ning qayd etishicha, Ostonadagi eshituvlar Olmaotadagidan ko‘ra “xotirjamroq” o‘tgan, poytaxtda muhokamalar ishtirokchilar o‘rtasidagi mushtlashuv bilan yakunlangandi. Ostonadagi eshituvchilar, xususan, AES qurilishi elektr energiyasi narxiga qanday ta’sir qilishi va stansiyada favqulodda vaziyat yuzaga kelgan taqdirda kim javobgar bo‘lishini so‘radi.

  • Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha munozaralar bir necha yildan beri davom etib kelmoqda. 2023-yil sentabrida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev bu masalani referendumga qo‘yishni taklif qilgan edi. Qurilish uchun joy sifatida Olmaota viloyatining Balxash ko‘li qirg‘og‘idagi Ulken qishlog‘i tanlandi va shu yerda ilk ommaviy muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
  • Iyun oyi oxirida Toqayev joriy yilning kuzida AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Aniq sanani mamlakat hukumati belgilaydi.