23-avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Davlatlar madhiyalari yangradi.

Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida tor doirada uchrashuv va Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazildi.

Unda strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbari Ozarbayjon prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidladi.

Bugun biz Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolaymiz. Bir necha yil davomida biz birgalikda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldik, — dedi Shavkat Mirziyoyev. Jurnalist Aziza Qurbonova o‘zining Telegram kanalida “O‘zbekiston rahbari brifingda „biz Ozarbayjon bilan ishonchli strategik hamkor edik, bugundan boshlab ittifoqdoshmiz“ dedi”, — deya post qoldirdi.

илҳом алиев, озарбайжон, шавкат мирзиёев

Shuningdek, ko‘p qirrali hamkorlikni ilgari surish va uni aniq mazmun bilan boyitishning samarali mexanizmiga aylanishi lozim bo‘lgan Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi o‘tkazilayotgani qayd etildi.

Tashrif doirasida prezidentlarning ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi va yangi kooperatsiya loyihalariga start beriladi. Ta’kidlanganidek, kelgusi yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadi.

Mirziyoyev ushbu sanani keng nishonlash maqsadida tadbirlar dasturi va bir yilga mo‘ljallangan Idoralararo muloqot va almashinuvlar rejasini tayyorlashni taklif etdi.

илҳом алиев, озарбайжон, шавкат мирзиёев

Bundan tashqari, kelgusi yilni O‘zbekiston va Ozarbayjon iqtisodiy kooperatsiyasi yili deb e’lon qilish va 20 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan kompleks dasturni qabul qilishga kelishib olindi.

Tovar ayirboshlash hajmini bir necha barobar oshirish va sanoat kooperatsiyasining yangi bosqichiga o‘tish, jumladan, uchinchi davlatlardagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan biznes forumi yakunlari qayd etildi: umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Bu energetika, kimyo, tog‘-kon, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlardagi kooperatsiya loyihalaridir.

Transport-kommunikatsiya, energetika va boshqa infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, ko‘p tomonlama asosda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar sonini oshirish, yerusti va havo transporti bo‘yicha tartib-taomillarni imkon qadar yengillashtirish, raqamli yechimlarni joriy etishga kelishib oldi.

илҳом алиев, озарбайжон, шавкат мирзиёев

Hududlararo aloqalarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. 2025-yilga mo‘ljallangan alohida Hududlararo hamkorlik rejasi, ikki mamlakat hududlarining sanoat salohiyati va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha sheriklik dasturini qabul qilish hamda navbatdagi Hududlar forumini Qo‘qon shahrida o‘tkazishga kelishib olindi.

Davlat rahbarlari madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va axborot siyosati, sport sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi. Prezidentlarning farmonlari bilan madaniyat arboblari Farrux Zokirov va Po‘lat Bulbul o‘g‘liga mamlakatlarning “Xalq artistlari” unvoni berilgani qayd etildi.

Davlat rahbari ikki mamlakat yetakchi universitetlari rektorlarining muntazam uchrashuvlari mexanizmini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma media forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

O‘zaro sayyohlar oqimini, gumanitar va biznes almashinuvlarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtlarda turizm va ishbilarmonlik majmualarini qurish istiqbollari ham muhokama qilindi. Ikki tomonlama munosabatlarni axborot-tahliliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, hamkorlik salohiyatini chuqur tahlil qilish va yuzaga chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.