Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ro‘mol o‘ragan va matodan niqob taqqan ayol jamoat joyida yuzini berkitib yurgani uchun jarimaga tortildi. “Gazeta.uz” jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 7-avgustdagi qarorini o‘rgandi.

Sud hujjatida qayd etilishicha, 2024-yil 2-avgust kuni soat 11:51 lar atrofida Zangiota tumani, Amir Temur mahallasi Mustaqillik ko‘chasida fuqaro M.A.ga (ayol) jamoat joyida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda harakatlanib kelgani yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida M.A. 2023-yil sentabr oyida Zangiota tumanidagi mebel sexida ishchi vazifasida ishlab kelishini ma’lum qilgan. 2024-yil 2-avgust kuni soat 11:50 da ayol tumanning Mustaqillik ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘koniga non va qattiq mahsulotini xarid qilish uchun yuzida “maska” (tibbiy niqob — tah.) taqilgan holatda ketayotgan vaqtida IIB xodimlari to‘xtatib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini so‘ragan. Ayol ularga changga allergiyasi borligi shu sababli niqob taqib yurishini, ishxonasi ham chang ekanini aytgan.

Sud hujjatida qayd etilishicha, ayol IIB xodimlariga kasalligi haqida hech qanday hujjati yo‘qligini, jamoat joyida niqob taqib yurish mumkin emas ekanini bilmasligi ma’lum qilgan. U ishdan shoshib chiqqani sababli niqobini yechmagani uchun uzr so‘ragan.

Ayol sudda oilaviy sharoiti og‘irligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi, yolg‘iz ayol ekanini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud ayolning ko‘rsatuvini tinglab, “ma’muriy ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, huquqbuzarning aybi ma’muriy ish hujjatlarini ko‘zdan kechirib, bayonnoma, fotojadvallar, tushuntirish xatlari hamda ishdagi boshqa obyektiv dalillar bilan o‘z isbotini topgan” degan xulosaga kelgan.

Sud ayolni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−4-moddasida (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga ushbu kodeksning 33-moddasini (Yengilroq ma’muriy jazo chorasining qo‘llanilishi) qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari miqdorida, ya’ni 1 700 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−4-moddasi, ya’ni jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda quyidagilar mustasno:

  • tibbiy ko‘rsatmaga asosan yoki yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda bo‘lish;
  • mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq hollarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish;
  • sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to‘sgan holda bo‘lish;
  • qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish.

Material to‘ldirildi: Aniqlik kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayol ro‘molda bo‘lgan, uning ustidan esa matoli niqob taqqan.