Rossiya armiyasi Ukrainaning Donetsk viloyatidagi muhim Pokrovsk shahrini egallab olishga yaqin turibdi va uni Ukrainaning boshqa yirik shaharlari — Dnepr va Zaporojega yo‘l ochadigan strategik maqsad sifatida ko‘rmoqda, deb yozadi The Economist.

Materialda aytilishicha, 59 ming aholiga ega Pokrovsk 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri qaynoq front chizig‘ida bo‘lgan, biroq so‘nggi oydagina “jiddiy tahdid” ostida qoldi. Ukraina rasmiylari Ukraina Qurolli Kuchlarining (UQK) RFning Kursk viloyatidagi kutilmagan operatsiyasi Donetsk yo‘nalishidagi bosimni yumshatishiga umid qilgandi, ammo Rossiya hujumi faqat tezlashdi.

Viloyat militsiyasi va mahalliy hokimlik allaqachon shaharni tark etgan. Shuningdek, ikkita supermarket yopildi, boshqalari ham shunga ergashishi ehtimoli katta. Mahalliy aholi banklar va pensiya jamg‘armasi filiallari oldida navbatda turibdi. 19-avgust kuni hukumat aholini evakuatsiya qilishga chaqirdi va ko‘pchilik quloq soldi. “Vokzal platformasida [Ukraina] g‘arbiga sayohat qilish uchun sumka va qutilarga siqib qo‘yilgan uy hayvonlarining chiyillashi bilan aralashgan yig‘i ovozlari eshitiladi”, — tasvirladi nashr temiryo‘l vokzalidagi holatni.

Hozir rus qo‘shinlari Pokrovskdan 10 km uzoqlikda. UQK qo‘mondonlari Rossiya hujumining muvaffaqiyatini turlicha izohlamoqda. Kimdir UQKda snaryadlar yetishmasligiga ishora qilmoqda, boshqalari — Rossiya armiyasining taktikasiga — kichik piyodalar hujumi, rejali bombalar, radioelektron jangning yangi turlariga.

Ukraina harbiylari shaharni qancha vaqt ushlab tura olishi haqida ma’lumot bermadi. “Ruslarga hozirda dronlar, artilleriya va bombardimonchi samolyotlar tomonidan hujumga uchrayotgan Mirnograd, Selidovo va Ukrainsk kabi yaqin shaharlardan o‘tish uchun bir necha hafta yoki oy kerak bo‘lishi mumkin… Aftidan, Pokrovskning egallanishi, Mariupol, Baxmut va Avdeyevka kabi, vaqt masalasi, xolos”, — deb yozdi The Economist.

“Keyin nima bo‘lishi — ochiq savol. Pokrovsk ustidan nazorat va Donetsk viloyatining ma’muriy chegaralari tomon siljish [Rossiya prezidenti] Vladimir Putin uchun siyosiy g‘alabani e’lon qilish va jiddiy muzokaralarni boshlashga yetarli bo‘lishi mumkin. Yoki yo‘q. Ko‘p narsa Ukraina hozirda o‘zi egallab turgan Rossiya bo‘lagini kelgusidagi muzokaralarda savdo vositasi sifatida saqlab qola olishiga bog‘liq bo‘ladi”, — hisoblaydi nashr.