Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati ayollarning jamoat oldida yuzi ochiq holda gapirishini va ko‘rinishini taqiqladi, deya xabar bermoqda Associated Press tegishli qonunlarga tayanib.

Taqiqlar 2021-yilda hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng “Tolibon” tomonidan yaratilgan Fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi tomonidan chiqarildi. Ular kundalik hayotning jamoat transporti, musiqa, soqol olish va bayramlar kabi jihatlarini qamrab oladi.

Taqiqlar Afg‘onistondagi birinchi rasmiy deklaratsiyaga kiritildi va 114 sahifa va 35 moddadan iborat hujjatda bayon etildi.

“Biz sizni ishontirib aytamizki, bu islomiy qonun fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘q qilishda katta yordam beradi”, — dedi vazirlik vakili Maulvi Abdul G‘afar Faruk.

Deklaratsiyaning 13-moddasida mamlakat ayollari har doim jamoat joylarida badanlarini yopib yurishlari shartligi, “vasvasaga tushmaslik va boshqalarni ham vasvasaga solmaslik” uchun yuzlarini yopishi zarurligi qayd etilgan. Kiyim, qonunga ko‘ra, yupqa, tor yoki qisqa bo‘lmasligi kerak.

Taqiqqa ko‘ra, ayolning ovozi intim narsa hisoblanadi, shuning uchun u jamoat joylarida qo‘shiq aytmasligi, xitob qilmasligi va ovoz chiqarib o‘qimasligi kerak. Shuningdek, ayollarning mahram bo‘lmagan erkaklarga qarashi taqiqlanadi.

17-modda tirik mavjudotlar tasvirlarini chop etishni taqiqlaydi, bu esa allaqachon mo‘rt afg‘on media makoniga tahdid soladi, deb ta’kidlaydi AP.

19-modda musiqa chalishni, yolg‘iz ayollarni tashishni va qarindoshi bo‘lmagan erkaklar va ayollar muloqotini taqiqlaydi.

  • Afg‘on ayollarining yuzlari ochiq holda ko‘chaga chiqishiga taqiq 2022-yilning may oyidan boshlab amal qiladi. 1996-yildan 2001-yilgacha “Tolibon” hukmronligi davrida ko‘chalarda hijob o‘rash ham majburiy edi.
  • O‘sha yilning dekabr oyida Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi talaba qizlarning oliy o‘quv yurtlarida qatnashishini to‘xtatib qo‘yishni buyurgan. 2023-yil iyul oyida “Tolibon” rahbariyati mamlakatdagi barcha ayollar go‘zallik salonlarini yopishga ko‘rsatma bergan.
  • BMTning global ta’lim bo‘yicha maxsus vakili Gordon Braun Xalqaro jinoiy sudni Afg‘onistondagi ayollar va qizlarni kamsitgani uchun “Tolibon”ni jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirgandi.